Qozog‘istonning Ostona shahridagi “Korme” ko‘rgazmalar markazida 25-aprel kuni “III Yevrosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma yarmarkasi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qozog‘istonda 2018-yil O‘zbekiston yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan ko‘rgazmada O‘zbekiston pavilyoniga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mazkur pavilyonda O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonalarining besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston mazkur ko‘rgazmada faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgani uchun uning doirasida “O‘zbekiston” pavilyonining ham ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, Ostona shahri hokimi Aset Isekeshev O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev ishtirok etib, mamlakatlarning azaliy do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligi yangi bosqichda izchil davom etayotganini alohida qayd etdi.
Tadbirda Qozog‘istondagi o‘zbek milliy madaniy markazi jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy dastur mehmonlar e’tiboriga havola etildi.
60 kvadrat metrdan iborat “O‘zbekiston” pavilyoni mamlakat tarixi va bugunini o‘zida aks ettirgan. Ikki qardosh xalqning buyuk allomalari — Navoiy va Abay siymosi xalqaro ko‘rgazmaga alohida mazmun bag‘ishlagan.
Xalqaro yarmarka 28-aprelga qadar davom etadi.
Izoh (0)