Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Anhor.uz” Farg‘ona vodiysidagi uylarga qay tarzda suv kelganini o‘rgandi. Quyida maqola e’tiboringizga havola etiladi.

Bir oila bir oyda o‘rtacha 10 kub yoki 10 tonnaga yaqin suv sarflaydi. Uyingizga suv kelmasligini, ya’ni suv quvuri yo‘qligi va suvni tashib keltirish lozimligini tasavvur qilib ko‘ring - bu bir oyda 1000 chelakdan ortiqroq yoki bir kunda 33 chelak suv degani. Qishloqda chelak ko‘tarib ketayotgan kishilarni ko‘rsangiz, demak bu ularning uyiga suv kelmayotganini yoki yo‘qligini bildiradi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘prog‘i xavfsiz ichimlik suviga ega emas va faqat 17% aholigina suvdan kecha-kunduz foydalana oladi.

Foto: “Anhor.uz”

Foto: “Anhor.uz”

Namangan viloyatining ayrim qishloqlarida 2004-yilgacha suvni ariqlardan yoki hovuzlardan olishar edi. Bu suvni ichishardi, uni ovqatga va maishiy ehtiyojlar uchun ishlatishardi. Ittifoq davrida ba’zi qishloqlarga vodoprovod o‘tkazilgan edi, quduqlar qazilgandi, ammo vaqt o‘tishi bilan bu inshootlar yaroqsiz holatga keldi va odamlar ichimlik suvidan mahrum bo‘lishdi. Vodokanal esa mablag‘ yo‘qligi tufayli faoliyatini to‘xtatdi. Viloyatda “A” gepatiti, diareya bilan kasallanishlar soni ko‘paydi, vabo holatlari ham yuz berdi.

Foto: “Anhor.uz”

Foto: “Anhor.uz”

2004-yili “O‘zbekistonning qishloq joylarida suv ta’minoti va sanitariya” loyihasi bilan umid paydo bo‘ldi va so‘ngra suv ham kirib keldi. Shveysariyaning Taraqqiyot va hamkorlik agentligi tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha o‘z oldiga xavfsiz ichimlik suvidan foydalanishni kengaytirish hamda sanitariya va gigiyena bo‘yicha bilimlarni yaxshilashni maqsad qilib qo‘ydi, bu o‘z navbatida aholining turmush darajasini va salomatligini sifat jihatdan oshirishi lozim edi.

Loyihaning asosiy afzalliklaridan biri markazlashtirilmagan xizmat ko‘rsatishning yangi modelini suv ta’minoti va sanitariya bo‘yicha milliy dasturga birlashtirishdan iborat. Bu suv qishloq joylarida yaqin-atrofdagi quduqdan chiqarib olinadi va uylarga Vodokanal ishtirokisiz, ammo kishilarning o‘zlarining faol ishtirokida yetkazib beriladi.

Bu qanday amalga oshiriladi? Loyihaning shartlaridan biri – bu quduqning mavjud bo‘lishidir. Ba’zi holatlarda kishilar pul yig‘ib, birgalikda quduqlar qazishdi, ba’zi bir qishloqlarda ular tashlandiq holatda bo‘lsa ham mavjud edi. Hujjatlarni loyihalashtirish, tayyorlash, nasoslar, suv minoralarini, tozalash va vodoprovod tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha qolgan barcha ishlar Loyiha ko‘magida o‘tkazildi.

Fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqaruvchi organi har oyda badallarni yig‘adi, bu, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning ish haqini ham qo‘shgan holda, nafaqat suvni chiqarish va keltirish bo‘yicha xarajatlarni qoplaydi, balki amortizatsiyaga ketadigan mablag‘larni ajratib qo‘yishga ham imkon beradi. Agar almashtirish, yangilash yoki tuzatish zarurati tug‘ilsa, bu ajratib qo‘yilgan mablag‘lar hisobidan bajariladi. Barcha ishlar kishilarning o‘z-o‘zini boshqaruvchi organi tomonidan amalga oshiriladi. Bu faoliyati mutlaqo shaffof maxsus tashkil qilingan NNT yoki mahalla bo‘lishi mumkin. Badallarni to‘layotgan odamlar bu pullar qayerga xarj qilinishini bilishadi. Sifatli xavfsiz ichimlik suvining bir kubometri – 3 ming so‘m yoki bir oyda bir kishi uchun hisoblangan shu summaning o‘zi. Taqqoslash uchun – bir tonnaga yaqin suvni yaqin-atrofdagi ariqdan mashinada keltirish 150 ming so‘m atrofida turadi.

Foto: “Anhor.uz”

Foto: “Anhor.uz”

Loyiha doirasida umumiy uzunligi 680 kilometr bo‘lgan 35 ta suv ta’minoti tizimi yaratildi. Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari aholisi 14 yil ichida sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Ammo O‘zbekistonda hali ham sifatli, iste’mol qilishga yaroqli ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan hududlar bor. Bu joylarda kishilar, jumladan bolalar hamon ariqlardan, suvi turib qolgan hovuzlardan suv ichishlarini tasavvur qilish qiyin.

Shveysariyaning “O‘zbekistonning qishloq joylarida suv ta’minoti va sanitariya” loyihasi bo‘yicha mutaxassis suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan tumanlarda yuqumli kasalliklar soni sezilarli pasaygani haqida gapirib berdi.

Asosiy vazifasi yuqoridagi viloyatlarning maktabgacha ta’lim va o‘quv massasalarida sanitariya sharoitlarini, bilimlar va ko‘nikmalarni yaxshilashga ko‘maklashish bo‘lgan loyihaning “Sanitariya va gigiyena” deb nomlanuvchi tarkibiy qismini amalga oshirish ham yuqumli kasalliklarning pasayishiga omil bo‘ldi. Bu o‘z ichiga katta yoshlilar va bolalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, ta’lim muassasalarini suv ta’minot tizimiga ulash, qo‘l yuvgichlarni o‘rnatish, xojatxonalarni qurishni o‘z ichiga oladi.

Shuni ham aytish kerakki, loyiha kam xarjli va yuqori sanitariya chidamlilikka ega ekosan hojatxonalarini qurish loyihasini ham ilgari suradi.

Mazkur loyiha tajribasi olis nuqtalarda joylashgan va qo‘lbola materiallardan tayyorlangan, suv ta’minoti va kanalizatsiyaga ega bo‘lmagan uchinchi toifadagi jamoat hojatxonalarini ta’mirlash va qayta qurish dasturi nuqtai nazaridan ham foydali bo‘ladi.

Davlat aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga ko‘p bora e’tibor qaratdi. Bu ijtimoiy muhim sohani yo‘lga soladigan bir qator qonunchilik hujjatlari mavjud.

Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari O‘zbekistonda sifatli ichimlik suviga ega bo‘lish muammosini hal etish uchun ancha mablag‘ ajratmoqda.

Ammo umum mamlakat miqyosida bu muammo hali ham yechimini topgan emas. Shveysariya hamkorlik bo‘yicha byurosining “O‘zbekistonning qishloq joylarida suv ta’minoti va sanitariya” loyihasi tajribasiga e’tibor qaratish foydadan xoli bo‘lmaydi.

14 yil ichida uncha katta bo‘lmagan loyiha faoliyati natijasida Farg‘ona, Andijon, Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 24 ta qishlog‘ida 160 ming kishi sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 687 km suv ta’minoti tizimlari qurib bitkazildi.

Asosiysi kishilarning ongi o‘zgardi, ular kelajakni o‘ylab amortizatsiyaga tarifdan yuqori pul to‘lashmoqda, chunki agar o‘zlarining suv ta’minoti tizimlarida biror qism ishdan chiqsa yoki buzilsa, tuzatish, sozlash yoki sotib olish uchun mablag‘ doim bor bo‘lishini bilishadi. Kishilar o‘zlarining pullari qayoqqa ketayotganini aniq bilishadi va asosiysi buni har doim ko‘ra olishadi. Bularning barcha vodokanal ishtirokisiz amalga oshmoqda.

Model katta xarajatlarni ko‘zda tutmaydi. Suv ta’minotini yaratish, qurish uchun kishi boshiga o‘rtacha taxminan 60 AQSh dollari to‘g‘ri keladi. Shundan so‘ng tarif bo‘yicha oylik to‘lovni amalga oshirishning o‘zi kifoya qiladi.

Ammo 2018-yilning martidan boshlab kishilar davlat ishtirokisiz o‘z mablag‘lari hisobidan qurgan narsalarga vodokanal o‘z huquqlarini oldinga sura boshladi. Shu yerda muhim tuzatishni aytib o‘tamiz – vodokanal suvni, bu xoh uydagi vodoprovod yoki xoh uy yaqinidagi kolonka bo‘lsin, aholiga yetkazib berganlik uchun haq oladi. Sodda qilib aytganda – suv bepul, faqat suvni yetkazib berish pullik. Shu sababli vodokanalning yoki Majburiy ijro byurosi viloyat bo‘limining e’tirozlari mantiqsiz va tushunarsiz.

Shubhasiz loyiha tomonidan ishlab chiqilgan modelning muhim o‘ziga xosligi shundaki, bunda qishloq jamoasining o‘zi suv tizimini boshqarishidan tashqari, qishloq aholisi bilan “xizmatlar uchun tariflar”ni ishlab chiqadi va o‘rnatadi. U tizimning nafaqat joriy iste’mol xarajatlarini (elektr, kichikroq texnik xizmat ko‘rsatish va h.k.) qoplaydi, balki sarmoyalarning amortizatsiya qiymatini ham o‘z ichiga oladi. Bu banklardan kredit olishda katta yutuq hisoblanadi, chunki qishloqlar kreditni qaytara olishini bildiradi.

Shubhasiz, loyiha ichimlik suvi tanqis bo‘lgan boshqa mintaqalarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan ijobiy natijalarga erishdi. Nega endi Prezidenting “O‘zbekiston respublikasi vazirlar Mahkamasi qoshida ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorini bajarishga ko‘maklashish uchun bu modelni tatbiq etish kerak emas ekan? Shu savol bilan biz loyiha rahbari Olivye Normandga murojaat qildik.

- Bu modelni boshqa qishloqlarga ham tatbiq etish uchun (ular O‘zbekistonda yetarlicha ko‘p) ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari doirasidan chiqadigan moliyaviy zaxiralarni ishga solish kerak. Taklif etilayotgan suv ta’minoti tizimlarini boshqarishning jamoa modeli suv manbalari mavjud bo‘lgan boshqa mintaqalarda ham qo‘llanilishi mumkin. Biz bu O‘zbekistonning ko‘plab qishloq joylari uchun toza suvga ega bo‘lish imkoniyatiga bo‘lgan dolzarb ehtiyojiga javob bera oladi deb hisoblaymiz.

Tajriba Farg‘ona vodiysida va qisman Sirdaryo viloyatida, shuningdek qo‘shni mamlakatlarda muvaffaqiyatli ommalashtirildi. Ha, u avvalgidek o‘z cheklovlariga ega, ammo biz bu modelning yashash qobiliyatini isbotlash uchun omma allaqachon mavjud deb bilamiz.

Model uncha qimmat emas – odam boshiga 60 AQSH dollaridan to‘g‘ri keladi. Ammo 5 000 kishi yashaydigan qishloqda bu 30 000 AQSh dollarini tashkil qiladi.

O‘zbekiston tomonidan, ayniqsa Uy-joy va kommunal xo‘jaligi vazirligi va mahalliy hokimiyatlar tomonidan model qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bilan birga modelning keng ko‘lamli ommalashtirilishi maqbul sharoitlarni talab qildi. Agar model to‘liq qabul qilinadigan bo‘lsa, Hukumat shunday muhitni yaratishi mumkin. Biz hammamiz qishloq joylarida mahalliy tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilgan uy-joy qurilishi dasturi haqida bilamiz. Nima uchun ichimlik suvi ta’minoti tizimlari bilan xuddi shunga o‘xshash narsani qilish mumkin emas? Biz bu davlat byudjetidagi moliyaviy yukni kamaytiradi va aholining moliyaviy mas’uliyatini oshiradi, deb hisoblaymiz. Banklar yirik moliyaviy oqimlarni safarbar qilishlari, Taraqqiyot banklari esa buni maqbul foiz stavkalarida amalga oshirishlari mumkin. Bu taklif qilinayotgan modelni mamlakatning u foydali bo‘lishi mumkin barcha hududida ommalashtirish uchun yechim bo‘la olardi.

Agar bu kabi sxema ishlab chiqilsa, u holda loyiha guruhi suvga ehtiyoji bor qishloqlar uchun ularga moliyalashtirish haqida o‘z iltimoslarini shakllantirishlari va haqqoniy tarifni yaratishga ko‘maklashish uchun maslahatchilar sifatida jalb qilingan bo‘lar edi. Bu ikkala tomonga ham qishloqlarning ehtiyojlarini qondirish va kreditni qaytirishga imkon beradi.

 

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi