Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ikki davlat vazirliklari, savdo-sanoat, investitsiya va boshqa tadbirkorlik sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston – Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishidagi aloqalarni kelgusida yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikromov, Turkmaniston Savdo-sanoat palatasi raisi O‘. Gurbannazarov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida manfaatli hamkorlik munosabatlari yangi bosqichda rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Ishbilarmonlar uchrashuvi chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha masalalar muhokama qilindi.
Turkmaniston ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni huquqiy himoya qilish, mamlakat iqtisodiyotining investitsion jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar, erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mamlakatda iqtisodiyotning turli tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar samaradorligini yuqori baholadi.
2017-yilda mamlakatlar o‘rtasida tovar aylanmasi 177,3 million dollarni tashkil etdi. Bugun O‘zbekistonda turkmanistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 11 korxona faoliyat yuritmoqda. Ular savdo va xizmat ko‘rsatish, to‘qimachilik sanoati, mebel ishlab chiqarish kabi sohalarni qamrab olgan.
Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va biznes-forumda neft-gaz, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sanoat ishlab chiqarish, to‘qimachilik kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha istiqbolli kelishuvlarga erishilib, 250 million dollar qiymatidagi shartnomalar imzolandi. Bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
Izoh (0)