23-aprel kuni jinoiy ishlar bo‘yicha Toshkent shahar sudida Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkata Olloyorov va Ravshan Salayev ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” yozmoqda.
Oldingi yig‘ilishda raislik qilgan sudya Zafar Nurmatov advokatning “Usmon Haqnazarov” nomi ostida chop etilgan 142 maqolani qaytadan ekspertizadan o‘tkazish borasidagi iltimosini qondirgan edi. Bu ularning yozilishiga Bobomurod Abdullayevning aloqadorligini, shuningdek, materiallarda konstitutsion tizimni ag‘darishga chaqiriqlar bor-yo‘qligini aniqlashga imkon beradi.
Sudya maqolalar uchta sud ekspertizasidan o‘tkazilishi bo‘yicha qarorni o‘qib eshittirdi. Bular: sud-filologik (muallifshunoslik), sud-siyosiy-lingvistik va sud-filologik ekspertizalar.
Bunda sud “O‘rim” loyihasining elektron versiyasi joylashgan magnitli elektron tashuvchilar ekspertizasini o‘tkazishga rad javobini berdi.
“Men ‘O‘rim’ loyihasi fayllari bo‘yicha iltimos kiritgan edim, ular turli magnit tashuvchilarda turli parametrlarga ega. Men bu ziddiyatlarni bartaraf etish uchun kompyuter ekspertizasini o‘tkazishni so‘ragan edim”, — ma’lum qildi advokat nashr bilan suhbatida.
Iltimosga rad javobini berarkan, sudya aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga muvofiq sud har qanday shubha-gumonni sudlanuvchilar foydasiga talqin etishini ma’lum qildi.
“Sudya advokat tortishuvlarda ish bo‘yicha mavjud barcha shubha-gumonlarni aks ettirishi mumkinligini bildirdi. Amalda bu men nimanidir nolegitim deb tan olishni so‘raganim bilan bog‘liq iltimosimga javobdir”, — qayd etdi Sergey Mayorov.
Bobomurod Abdullayev 142 maqoladan qaysilarini o‘zi yozgani, qaysilarida unga tegishli bo‘lmagan qo‘shimchalar borligi, qaysilarini o‘zi yozmagani haqida yozma tushuntirish berdi. U, shuningdek, o‘zbek tilidagi maqolalarni yozmaganini qayd etdi.
Oldingi yig‘ilishda sud 28-sentabr va 14-oktabr kungi maqolalarni tekshirish bayonnomalarini imzolagan xolislarni so‘roq uchun chaqirish bo‘yicha iltimosni qondirdi. Ammo xolislarning manzillari noto‘g‘ri aks ettirilgani bois ularni chaqirishning imkoni bo‘lmadi.
Keyingi sud majlisi 25-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)