Vazirlar Mahkamasida bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida “Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta’lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash” masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Alohida ta’kidlash joiz, ushbu videoselektor yig‘ilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy soha xodimlari, xususan, shifokorlar, o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni jamoat ishlariga jalb qilishning oldini olish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish, rahbar xodimlarning hududlarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yishining oldini olishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi, bu borada aniq mexanizmni ishlab chiqish va qat’iy nazorat o‘rnatish borasidagi ishlar muhokama etilmoqda.
Yig‘ilish asnosida bosh vazir Samarqand viloyatidagi mana shunday tadbirda halok bo‘lgan o‘qituvchi Dianani esga oldi.
“Prezidentimiz Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Samarqandda yuz bergan o‘qituvchi fojiasini eslatdi. Bunga yo‘l qo‘ygan rahbarlarni qattiq tanqid ostiga olib, bu kabi rahbarlarni ikkiyuzlamachilikda, ko‘zbo‘yamachilikda aybladi. Bundan keyin kimda kim bu kabi ishlarni amalga oshirsa javob berishini ta’kidladi”, — dedi u.
Izoh (0)