Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 13-aprel kuni O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Prezident videokonferens-aloqa orqali Sirdaryo viloyati tumanlari vakillari murojaatlari bilan tanishdi.

Murojaatchilardan biri — Sardoba tumanida yashab, mehnat qilayotgan yigit edi. O‘zini Elyor Isomov deb tanishtirgan yigit 2012-yili diniy oqimlarga aloqadorlikda gumon qilinib, “qora ro‘yxat”ga tushgani, 2017-yili “qora tamg‘a”dan qutilganini aytib o‘tgan.

Assalomu alaykum, muhtaram Prezident! Men Elyorjon Isomov, yakka tartibdagi tadbirkorman. Muhtaram Prezident, men va mening oilam sizdan bir umrga minnatdormiz. Minnatdorchiligimizning sababi — 2012-yili din to‘g‘risidagi tushuncham sayozligi sababli, ayrim salbiy oqimlarga qo‘shilib qolgan edim. Men bundan mingdan-ming pushaymonman. Sizning qaroringiz va tashabbusingiz bilan 2017-yili menga qo‘yilgan qora tamg‘adan butkul ozod bo‘ldim. Menga berilgan bunday imkoniyatlardan mazmunli foydalanish maqsadida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, davlatdan 50 million so‘m kredit olib, o‘z uyimda eshik-rom va uy-ro‘zg‘or buyumlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydim hamda ikki kishini ish bilan ta’minladim. Kelajakda bu bilan cheklanib qolmay, faoliyatimni yanada kengaytirib, elimizga, yurtimizga xizmat qilishga mana shu minbardan turib sizga va’da beraman.

Sardobalik yakka tartibdagi tadbirkor

Sardobalik tadbirkorning fikrlari bilan tanishgan Prezident uning uchun O‘zbekiston har bir fuqarosi teng ekan, o‘z navbatida, har kim xato qilishga haqli ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Men sizning mana shu ko‘zingizni, mana shunday turishingizni ko‘rib, o‘zim butun vujudimdan aytmoqchiman — bilasizlarmi, O‘zbekistonning barcha fuqarosi men uchun teppa-teng. O‘zbekistonning har bir fuqarosi ertangi kunga ishonib yashashga haqli. Yana bir bor takror aytaman — insonning xato qilishga haqi bor. Lekin shu xato qilganni davlat o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qaytarishi ham qarz, ham farz. Gaplaringizdan minnatdorman. Xudo xohlasa, uch-to‘rt yil o‘tib, siz shunday bir namunaviy inson bo‘lasizki, atrofdagi butun o‘rtoqlaringiz, do‘stlaringiz, bir vaqtlari siz bilan ko‘rishishga qo‘rqib yurgan odamlar havas qiladi. Men mana shu kunlarga yetishni orzu qilaman. Sog‘ bo‘ling!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Elyor Isomov Prezidentning bu so‘zlariga, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha: “Rahmat, otajon!”, deb javob qaytardi.

Ma’lumot uchun, 2017-yil sentabr oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda diniy-ekstremistik oqimlar a’zosi sifatida ro‘yxatda turgan 17 mingdan ortiq kishining 16 mingi “ro‘yxat”dan chiqarilgan edi. O‘z navbatida, Prezident “ro‘yxatdan chiqarish bilan ish bitmasligi”ni, ularni “sog‘lom hayotga qaytarish masalasida o‘ta noziklik bilan, ilm bilan, ma’rifat bilan, avvalo, shaxsiy namuna ko‘rsatib ishlash kerak”ligini ta’kidlagan edi.