Italiyada chop etiladigan nufuzli Corriere Della Sera gazetasi yoz faslida sayohatga chiqish tavsiya etiladigan mamlakatlar reytingini e’lon qildi. O‘zbekiston ular orasidagi eng maqbul yo‘nalishlar qatoridan joy olgan, deb xabar beradi O‘zA.
Nashr ekspertlarining fikricha, mamlakatda hukm surayotgan umumiy vaziyat, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yangi sayyohlik obyektlari bunyod etilayotgani, pul almashtirishdagi maqbul qiymatlar singari omillar hamda sayyohlik sohasidagi yirik kompaniyalar yuritayotgan narx siyosati xalqaro sayyohlikning cho‘qqisiga ko‘tarilishga imkon beradi.O‘zbekiston yozgi ta’tilni o‘tkazish uchun Urugvay, Andaman orollari, Zambiya va Finlyandiya kabi eng ommabop beshta sayyohlik yo‘nalishi ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘z tadqiqotlarini aynan O‘zbekistondan boshlagan nashr ekspertlari bu yo‘nalishga “yuqori tezlikdagi Ipak yo‘li” deya ta’rif bergan.
“Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida faqat O‘zbekistonda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar Ipak yo‘li bo‘yidagi betakror madaniy merosga ega shaharlarni bir-biri bilan bog‘laydi. Toshkentdan Samarqandgacha (344 kilometr) bor-yo‘g‘i ikki soat, so‘ngra Buxorogacha (poytaxtdan 600 kilometr) 3,5 soat vaqt ketadi xolos”, — deb yozadi gazeta.
Tadqiqotda ta’kidlanganidek, “ko‘pgina qiyinchiliklarga duch kelinayotganiga qaramasdan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida hayotga tadbiq etilayotgan yangi siyosat mamlakatni demokratiya yo‘lidan yetaklamoqda. Biroq hammaga tanish bo‘lgan o‘zbekona samimiyat o‘zgarmasdan qoladi”.
Mamlakatdagi me’moriy obidalar haqida to‘xtalar ekan, Italiya nashri Buxoroni muqaddas shahar, “islom quvvati, din va madaniyat yuragi”, deya ta’riflagan.
“Shahrisabz mintaqaning asosiy shaharlaridan biri, Amir Temur tug‘ilgan go‘sha, Xiva — eng fusunkor shahar, Samarqanddagi mashhur Registon maydoni YuNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan eng go‘zal qadamjolardan biri, Ulug‘bek rasadxonasi — O‘rta asrning eng mashhur durdonasidir”, — qayd etadi Corriere Della Sera.
Izoh (0)