O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-aprel kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Prezident viloyatning har bir tumani vakillari bilan videokonferens-aloqa orqali muloqot qildi.

Yig‘ilishdan reportaj “O‘zbekiston 24” telekanali orqali namoyish etildi. Unda Sardoba tumanidan so‘z olgan ikkinchi vakil Prezident siyosatini olqishlab, unga tuman ahli nomidan minnatdorchilik bildirganiga guvohi bo‘lish mumkin.

Assalomu alaykum, Shavkat Miromonovich! Men — mehnat faxriysi Otabek Egamberdiyevman. Siz olib borayotgan ishlarning qamrovini gapirish uchun menga bir soat ham kamlik qiladi. Eng asosiy bir masalani aytmoqchiman — “Qo‘shning tinch, sen tinch” qabilida Tojikiston, Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlar bilan juda katta ishlar olib bordingiz. Bizda qirg‘iz, tojik millatiga mansub aholi juda ko‘p. Shu xalqlar nomidan, o‘z nomimizdan ham minnatdorchilik bildiraman. Sizni nuroniylar nomidan duo qilib qolamiz.

Men “O‘zbekiston 24” telekanalini ko‘rmay biror joyga ketmayman yo uxlamayman — oldin sizni ko‘rib olaman. “O‘zbekiston 24” sizni bir kun ko‘rmasam, sizni sog‘inib qolaman, Shavkat Miromonovich! Mana shunga o‘rganganmiz, shuning uchun siz bajarayotgan ishlar ko‘lamini bola-chaqalarimiz, farzandlarimizga aytamizki, Shavkat Miromonovich shunday shijoat bilan ishlaganida mingdan biricha bo‘lsa ham ishlanglar, mehnat qilinglar deb yoshlarimizni mehnatga, tadbirkorlikka targ‘ib qilamiz.

Sizni Alloh doimo o‘z panohida asrashini so‘rab duo qilamiz. Biz nuroniylar sizga yelkadosh bo‘lib, yoshlarimizni tarbiyalashda, tinchlikning oliy ne’mat ekanini targ‘ib qilishda hech qachon charchamaymiz. Xalqimizning xursandchiligi, roziligini sizga yetkazishdan mamnunman. Rahmat!

Otabek Egamberdiyev, sardobalik mehnat faxriysi

Oqsoqolning iliq so‘zlaridan mamnun bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga uyushtiradigan keyingi tashrifi davomida Sardoba tumaniga borishga ham va’da berdi.

Katta rahmat! Mana shunday shukronalik, mana shunday bir baraka bilan aytgan gaplaringiz men uchun juda katta dalda. Yoshlarga aytgan gaplaringizga men uchun juda katta qudrat.

Sardoba tumanining og‘ir sharoitini men juda yaxshi bilaman. Institutda o‘qish, ishlash bilan o‘tgan yoshlik vaqtlarimni 100 foiz deb olsak, shuning 70 foizi Sardoba tumanida o‘tgan o‘zi. Har bir ko‘chasi, har bir xo‘jaligini juda yaxshi bilaman. Sardoba ko‘p millatli el ekani ham bilaman.

Kelgusi tashrifimda albatta Sardoba tumaniga boraman. Iloyim, sizga o‘xshagan nuroniylarning mana shunday pok niyatlari, duolari ijobat bo‘lib, elimiz tinch bo‘lsin, osmonimiz musaffo bo‘lsin.

Islom nurli din ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatiga katta tashabbuslar bilan chiqayotganimiz bejiz emas. Adashgan ukalarimizning ham bugun chiqib aytgan gaplari bu sizlar — nuroniylarning ham ijobiy ta’siridir. Iloyim, yurtimizda mana shunday hamjihatlikka ko‘z tegmasin!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti