Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushan imperiyasi davriga oid qal’a qoldiqlari topildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, O‘zbekiston qahramoni G‘ayratdin Xo‘janiyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda.
“Shu yil boshida, aniqrog‘i, 4-yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qo‘ng‘iroq qilib aytishdi, — deydi arxeolog. — Shu kuni topilgan ko‘zalarni menga olib kelib ko‘rsatishdi. Ertasiga o‘sha yerga borib hududni ko‘zdan kechirdik. Haqiqatan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon bo‘layotgandi”.
Taxiatosh tumanining “Keneges” ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan qadimiy qal’a mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 4-umumta’lim maktabi muzeyiga topshirilmoqda.
Muzey 2010-yilda maktabning tarix fani o‘qituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan. Hozirda bu yerda 1500 dan ortiq eksponat saqlanmoqda. Muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin.
Izoh (0)