Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Fransiyada o‘tkazilgan A toifasiga kiruvchi xalqaro turnirda ishtirok etib qaytdi. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqada qatnashgan 8 nafar o‘zbekistonlik bokschining barchasi shoxsupaga ko‘tarilgan. Nufuzli xalqaro turnirda Italiya, Angliya, Hindiston kabi jami 24 ta davlatdan 140 nafar bokschi ishtirok etgan bo‘lib, Markaziy Osiyodan yagona vakil sifatida faqat O‘zbekiston terma jamoasi Fransiyaga bordi.
O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan Abdulhay Shoraxmatov (56 kg), Shukur Rahimov (60 kg), Aliyor Noraliyev (64 kg), Fazliddin Meliboyev (69 kg), Odiljon Aslonov (75 kg), Sardor Yormuhammedov (91 kg) barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
Finalgacha mag‘lubiyatsiz yetib kelgan Madiyor Saidrahimov (81 kg) kumush, Ulug‘bek Mubinov (+91 kg) esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Musobaqa g‘oliblariga o‘ziga xos chempionlik kamarlari ham topshirildi. Umumjamoa hisobida O‘zbekiston terma jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
Izoh (0)