Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanining sobiq hokimi, 12-aprel kuni bandlik va mehnat munosabatlari vaziri etib tayinlangan Sherzod Kudbiyev Facebook orqali hokim sifatidagi faoliyatining yakunlarini keltirib o‘tdi.
“Bilsangiz kerak, yangi lavozimga o‘tishim munosabati bilan Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi mansabini tark etmoqdaman”, — deb yozdi Kudbiyev o‘z murojaatida.
Kudbiyevning ta’kidlashicha, hokim sifatidagi faoliyati davom etgan 566 kun ichida ko‘plab ishlar qilindi, jumladan:
- fuqarolar bilan muloqot qilish uchun Facebook’da hokimiyat sahifasi ochildi;
- tuman aholisi bilan ochiq muloqot formatidagi doimiy uchrashuvlar yo‘lga qo‘yildi;
- hokimiyat faoliyati ochiqligini ta’minlash uchun uning qoshida jamoat kengashi tashkil etildi;
- “Oboduy.uz” loyihasiga start berildi;
- tadbirkorlar va investorlar bilan muloqot o‘rnatishga harakat qilindi;
- o‘nlab kilometr yo‘llar asfaltlandi;
- yangilangan “Ekopark” va “Gulshan” bog‘lari ochildi;
- nogironlar va ehtiyojmand odamlarga yordam berildi.
Bu davr ichida tumanda 1800 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Tuman budjetidan 291,3 milliard so‘m ijtimoiy sohaga ajratildi, jumladan:
- ijtimoiy soha tashkilotlariga — 195,1 milliard so‘m;
- boshqaruv organlariga — 15, 4 milliard so‘m;
- obodonlashtirishga — 28,1 milliard so‘m;
- sog‘liqni saqlashga — 47, 9 milliard so‘m;
- madaniyatga — 1,05 milliard so‘m;
- sportga — 3,6 milliard so‘m;
- ta’minotga — 13,8 milliard so‘m;
- bino va inshootlar joriy ta’miriga — 9,3 milliard so‘m;
- ehtiyojmand aholi guruhlarining bolalarini bepul emlashga — 0,2 milliard so‘m.
Hisobot davrida fuqarolarning 40 mingdan ortiq murojaatlari ko‘rib chiqildi (kuniga o‘rtacha 70 ta).
“O‘z ishimizda biz har doim shaffoflik, oshkoralik va ochiqlik prinsiplariga tayandik”.
“Balki qayerdadir nimadir qilmagandirmiz, kimnidir eshitmagandirmiz, vaqtida javob bermagandirmiz. Lekin bu biz xohlamaganimizdan emas, shunchaki vaqt yoki resurs yetmaganidan”.
“Aziz do‘stlar, Mirzo Ulug‘bek tumani yaxshiroq, qulayroq, xavfsizroq bo‘lishi uchun birga ishlaganingiz uchun har biringizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Qayerda bo‘lsam ham, har doim Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida ishlagan davrimni iliqlik bilan eslayman. Har biringizga oilaviy baxt, sog‘liq, har sohada muvaffaqiyat tilayman. Sizga xizmat qilish men uchun ulkan sharaf bo‘ldi!”, — deb so‘zini yakunladi Kudbiyev.
Izoh (0)