O‘zbekiston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev poytaxtning Uchtepa tumani aholisi bilan o‘tazilgan ochiq muloqot chog‘ida yoshlar orasida “soqol qo‘yish modasi” tarqalayotganiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Tuman istiqomatchilaridan biri Toshkentda 18–35 yosh orasidagi yoshlarda mana shunday o‘ziga xos moda tarqalganiga urg‘u berib o‘tdi.
“Agar bu bartaraf etilmasa, 2019−2020-yillarga kelib Toshkentdagi barcha yoshlar soqol bilan yuradigan bo‘ladi”, — dedi u va zalda to‘planganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Toshkent shahar IIBB rahbari zalga murojaat etib, qarsaklar nega yangraganini so‘radi. O‘tirganlar “bu juda yaxshi va to‘g‘ri savol” ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu yerda o‘tirgan barcha bu qonunchilik bilan taqiqlanmaganini tushunamiz. Xohlagan odam soqol bilan yurishi mumkin”, — dedi Rustam Jo‘rayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu masalaga munosabat “bolalarga qanday tarbiya berilgani va madaniy jihatdan ular nimaga o‘rgatilgani”ga bog‘liq.
Rustam Jo‘rayev poytaxt aholisi bilan ikkinchi marta uchrashmoqda. Birinchi uchrashuv Yakkasaroy tumanida bo‘lib o‘tgan edi.
Izoh (0)