O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martidagi 3584-sonli qaroriga asosan chet davlatlarga ishlashga ketuvchi fuqarolar chegirmalar asosida chiptalarni xarid qilishi maqsadida maxsus ixtisoslashtirilgan kassalar tashkil qilinib, fuqarolarga xizmat ko‘rsatishi belgilangan. Bugungi kunda maxsus kassalar barcha viloyatlar hamda Qoraqalpog‘istonda ochildi va faoliyat yuritmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maxsus kassalar Surxondaryo viloyatida 2018-yil 1-apreldan ish boshladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublikadan tashqariga chiqayotgan fuqarolarga platskart va umumiy vagonlarga temir yo‘l chiptalari hamda ekonom klass aviachiptalari narxlariga 20 foizgacha chegirma taqdim etib, temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda beg‘araz to‘lov bir yilda bir marta “Aloqabank”ATB tomonidan amalga oshiriladi. O‘z navbatida, chipta xarid qilingach fuqaro xavfsizligini ta’minlash maqsadida maxsus kassalarda “O‘zAgrosug‘urta” va “Kafolat” sug‘urta polislari rasmiylashtiriladi.
2018-yil 1-aprelda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasidan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida xorijga chiqayotgan fuqarolar uchun ixtisoslashtirilgan kassaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Izoh (0)