Toshkentda o‘tayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgan Yevropa vakillari tadbirning ahamiyati, shuningdek, kun tartibidagi masalalar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Men, eng avvalo, o‘zbek xalqiga mehmondo‘stlik va o‘zaro do‘stona munosabatlar uchun minnatdorlik bildiraman. Norvegiya hukumati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni va siyosiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.Biz Afg‘oniston muammolarini hozirga qadar ham bir necha marta muhokama qilgan edik. Istanbul, Kobul uchrashuvlari bunga misol bo‘la oladi.
“Tolibon” harakati vakillari muzokaralar stoliga o‘tirishga o‘zida kuch topishi kerak. Zamonaviy taraqqiyot davrida muammolarni diplomatik muzokaralar bilan hal qilish o‘rniga urush maydonida “qahramonlik” qilishning nima keragi bor.
Norvegiya har ikki tarafni muzokaralar stoliga o‘tirishini va muammolarni hal qilishini sabr bilan kutadi.
Bir narsani bilishlaringizni istayman, Afg‘oniston ham gullab-yashnashga, obod mamlakatga aylanishga haqli. Buning uchun ular o‘zaro kelishib olishi kerak. Har bir afg‘on o‘zini urush olovidan himoya qilishga kuch topa olsa, ularni dunyodagi barcha hamkorlari qo‘lllab-quvvatlaydi.
Rolf Villi Xansen, Norvegiya tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili
Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha juda ko‘p gapirilgan. Bu borada NATO Afg‘oniston bilan ko‘p yillardan hamkorlik qilib keladi. Mazkur mamlakatdagi tuzilmamiz alyansi Afg‘oniston askarlariga ko‘mak ko‘rsatayotir. Keyingi bir necha o‘n yillikda xavfsizlik masalasi bo‘yicha milliardlab dollar mablag‘ sarflangan.
Ammo Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish oson ish emas. Mamlakatdagi notinchlik xalqaro terrorizm bilan bog‘langan. Barchamiz bu xavfni qoralaymiz. Biroq unga barham berish uchun hali ko‘p ish qilinishi kerak.
Urushga barham berishning eng samarali yo‘li kelishuvga erishishdir. Mana shu maqad uchun zarur qadamlar qo‘yilishi kerak.
Jon Manza, NATO bosh kotibining operatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosarining yordamchisi
Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlash uchun kerak bo‘ladigan darajada ko‘mak berish, sarmoya kiritishga hamisha tayyormiz. Xususan, elektr energiyasi yetkazib berishni ham ko‘llab-quvvatlaymiz.
Afg‘on askarlari va davlati barcha kuchini tinchlikni saqlash va ta’minlashga sarflashi kerak. Biz bu haqda Kobul jarayoni xalqaro uchrashuvida ham qayd etgan edik.
Biz Afg‘onistondagi barcha ovozlarni eshitishimiz, ularning istaklarini inobatga olishimiz shart. Buning uchun esa albatta, terrorizmga, turli zo‘ravonliklarga barham berish kerak.
Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘aniga ham bu boradagi o‘z pozitsiyamizni bir necha marta ma’lum qilganmiz.
Biz Afg‘oniston kelajagini yaxshi bo‘lishini, barqarorlik ta’minlanib, turli muammolar barham berilishi tarafdorimiz. “Tolibon” bilan o‘zaro til topish va mamlakatda tinchlikni ta’minlash uchun albatta, davlat rahbari kuchli siyosatchi va diplomat bo‘lishi kerak.
Biz Afg‘oniston bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga hamisha tayyormiz. Buning uchun esa barcha muammolarni yechimini xotirjamlik va sabr bilan yechishga harakat qilishimiz shart.
Garet Beyli, Buyuk Britaniya bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha maxsus vakili
Afg‘onistonda tinch, barqaror muhit shakllanishidan barchamiz manfaatdormiz. Shu bois O‘zbekiston va Afg‘oniston tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Fransiya Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi munosabatda. O‘ylaymizki, bundan keyin ham aloqalarimiz mustahkamlanib boradi.
Violen de Vilmor, Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi
Izoh (0)