2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan “Toshkent—Chimkent—Toshkent” yo‘nalishida do‘stlik velopoygasiga start berildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Shu munosabat bilan Abay haykali qad rostlagan Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi oldida tashkil etilgan tantanali tadbirda qo‘shni respublikadan tashrif buyurgan mehmonlar – Chimkent shahar hokimligi, madaniyat va sport sohasi mas’ullari, havaskor velosportchilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayev va boshqalar ikki qardosh xalq munosabatlari qadim do‘stlik an’analari asosida tobora mustahkamlanib borayotgani, bu jihatlar barcha jabhalarda yaqqol namoyon bo‘layotganini alohida e’tirof etdi.
Do‘stlik rishtalarining yana bir ifodasi sifatida tashkil etilgan velopoygada ikki mamlakatdan jami 130 dan ziyod turli yoshdagi fuqarolar ishtirok etmoqda. Mazkur poyga masofasi 130 kilometrni tashkil etib, ishtirokchilar Chimkent shahridagi Ostona ko‘chasida marra chizig‘ini kesib o‘tadi.
“Tadbir O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ‘Yo‘l xaritasi’ ijrosini ta’minlash, mamlakatlarimiz o‘rtasida sport sohasida hamkorlikni mustahkamlash hamda turizmni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi”, — deyiladi O‘zA axborotida.
Izoh (0)