O‘zbekiston xavfsizligini ta’minlashda ammiakli selitradan portlovchi moddalarni yashirin tayyorlash uchun komponent sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda shu turdagi mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida Jizzax viloyati va Jizzax shahri hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-saytida xabar qilindi, deb yozadi O‘zA.
Tadbir davomida Jizzax—Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan haydovchi E.Z boshqaruvidagi “Gaz 330210” rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida avtomashina yukxonasida fuqaro T.M.ga tegishli bo‘lgan, hech qanday hujjatlarsiz, 50 kilogrammlik 60 dona polietelin qopga solingan, umumiy qiymati 2 million 395 ming 848 so‘mlik mineral o‘g‘itlar noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.
Mazkur mineral o‘g‘itlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar e’tiborini chalg‘itish maqsadida erkin sotuvda mavjud bo‘lgan “karbamid” mineral o‘g‘iti uchun mo‘ljallangan polietelin qoplarga qadoqlangan holda olib ketilayotganligi fosh etildi. Umumiy og‘irligi uch ming kilogrammni tashkil etuvchi “ammiakli selitra” mineral o‘g‘itlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirgi vaqtda, ushbu mineral o‘g‘itlarning manbasini aniqlash bo‘yicha bojxona idoralari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)