25 yoshli fuqaro Saidakbar Sobirov (keltirilgan ism-shariflar o‘zgartirilgan) jinoyat sodir etish uchun antiqa usulni o‘ylab topdi. Bu haqda “Daryo”ga Toshkent viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 13-mart kuni Toshkent shahrida yashovchi Saidakbar Sobirov Shayxontohur tumanida joylashgan Royal videostudiyasida operator bo‘lib ishlovchi 1992-yilda tug‘ilgan Turdiboyev Mehriddinga “farzandli bo‘ldim, turmush o‘rtog‘imni tug‘ruqxonadan olib chiqishimni videoga olib bering” deb, unga 400 ming so‘m xizmat haqi taklif etgan. So‘ng Toshkent tumani, Ko‘ksaroy hududidagi dala maydoniga o‘zi bilan olib kelib, uning 26 million so‘mlik Canon mark-3 va Gonro Xero-3 rusumli qimmatbaho videokameralarini ochiq oshkora tortib olib, voqea sodir bo‘lgan joydan yashiringan.
Toshkent tuman IIB xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor chora tadbirlar natijasida S. Sobirov qo‘lga olinib, talonchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan videokameralar daliliy ashyo tariqasida olingan.
Tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan S. Sobirovga nisbatan jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi (talonchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)