O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev Qozog‘istonda O‘zbekiston yili o‘tkazilishi munosabati bilan maqola tayyorlab, unda ikki davlat aloqalari yuzasidan fikr bildirdi. Maqola O‘zAda chop etildi.
“Turkiy xalqlar bir ildizdan o‘sib chiqqan ulkan daraxtga o‘xshaydi. Shu daraxtning yer yuziga keng soya beradigan ikki yirik shoxlaridan biri qozoq xalqi bo‘lsa, boshqasi o‘zbek xalqidir. Bir teran tomirdan suv ichgan ikki xalqning keng va chuqur ma’noli madaniyati, urf-odatlari, qadriyatlari bir-biriga tutash, o‘zaro hamohang va uyg‘un”, — deyiladi maqolada.
Qozog‘istonda “2018-yil – O‘zbekiston yili” dasturi munosabati bilan madaniyat, san’at, adabiyot sohalarida bajarilishi rejalashtirilayotgan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xayrli ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Jumladan, joriy yilning birinchi choragida Ostona shahrida o‘zbek hunarmandlarining 400 dan ortiq mahsulotini aks ettirgan ko‘rgazma namoyish etiladi. Qozog‘iston poytaxtida bo‘lib o‘tuvchi O‘zbekiston yiliga bag‘ishlangan tantanali marosim – katta konsert dasturi o‘zbek madaniyati va san’atining naqadar boy va betakrorligini tarannum etishi shubhasiz.
“Qozog‘istonda O‘zbekiston yili boshlandi. Yillar o‘tadi, bugungi kun tarixga aylanadi. Bu boradagi barcha sa’y-harakatlarimiz do‘stona munosabatlarning, hamjihatlik, qardoshlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi”, — deb so‘ziga yakun yasaydi Baxtiyor Sayfullayev.
Izoh (0)