Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zosi Chirchiq daryosi sohillarining chiqindilar uyumiga aylanib ketgani masalasini yana ko‘tardi.
“Chiqindilarni keltirib, daryo yoqasidagi chuqurga to‘kishayotgani haqida shu yerga ham, portalga ham yozgandim. Qurilish chiqindilari tashlanayotgani haqidagi quruq rasmiy javob bilan qutulishdi. Kecha esa shunday manzara guvohi bo‘ldimki, odamning yig‘lagisi keladi. Yana qayerga yozish kerak?” — deya qayd etdi foydalanuvchi.
Postga fikr bildirgan guruh a’zolarining ba’zilari bunday vaziyatning yuzaga kelganligini madaniyat va ta’limning past darajasi bilan bog‘lagan bo‘lsa, ba’zilar bunda mas’ul mansabdorlarning loqaydligini aybdor qilgan.
Ko‘pchilik foydalanuvchilar masala yechimi — O‘zbekistonda chiqindini qayta ishlash zavodlarini ko‘paytirish ekanligini ta’kidlagan.
“Potrebitel.uz” guruhi a’zosi Toshkentning Sergeli tumanida Chirchiq daryosi yoqasida hosil bo‘lgan chiqindilar tepaligining suratlarini avval ham e’lon qilgan edi.
Izoh (0)