Armaniston parlamenti yashirin ovoz berish yo‘li bilan sobiq bosh vazir, Buyuk Britaniyadagi elchi Armen Sarkisyanni respublika prezidentligiga sayladi. U mazkur lavozimga yagona nomzod edi, deb yozadi “Interfaks”.
Uning nomzodi uchun 90 deputat ovoz berdi. O‘n nafar deputat qarshi ovoz berdi, bitta byulleten haqiqiy emas deb topildi. Nomzod prezidentlikka saylanishi uchun 105 nafar deputatdan kamida 79 nafari ovozini olishi lozim edi.
Sarkisyanning nomzodi Respublikachilar partiyasi va “Dashnaksutyun” Arman inqilob federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan edi.
Armanistonning hozirgi prezidenti Serj Sargsyannning vakolat muddati 9-aprel kuni tugaydi.
Mamlakatning yangi prezidenti 9-aprel kuni vakolatlarini bajarishga kirishadi. Shu kunning o‘zida hukumat iste’foga chiqadi. Yangi konstitutsiyaga muvofiq, prezident yetti yil muddatga saylanadi.
Yangi prezident lavozimini bajarishga kirishishi bilan mamlakat boshqaruvning parlament shakliga to‘liq o‘tadi.
Izoh (0)