Toshkent shahar hokimi 23-fevral kuni “2018-yilning fevral-mart oylarida obodonlashtirish va tozalik oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishga imzo chekdi. Bu haqda “Daryo”ga shahar hokimligi vakillari ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, fevral-mart oylarida obodonlashtirish, tozalik oyligi hamda 24–25 fevral, 3–4, 10–11-mart kunlari“Ozodalik kuni” deb e’lon qilindi. Obodonlashtirish, tozalik oyligini hamda “Ozodalik kuni” hasharini o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahar va tuman ishchi guruhlari tuzilgan bo‘lib, 2018-yil Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish arafasida poytaxtda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
Farmoyishga muvofiq, Toshkent shahar ishchi guruhi, tuman ishchi guruhi, Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar kengashi, hokimlik tizimidagi boshqarma, tashkilot va muassasalar obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi hamda hasharni o‘tkazish doirasida quyidagi ishlarni amalga oshirilishini ta’minlashi belgilandi:
mahallalar, aholi yashash joylari, ko‘p qavatli binolar va uylar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;
barcha turar joy mavzelari, mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, bo‘sh hududlarda bog‘lar barpo etish, daraxtlarni oqlash va ularga shakl berish;
yordamga muhtoj keksalar, pensioner va nogironlar, yolg‘iz qariyalarni ijtimoiy himoyalashga hamda boquvchisini yo‘qotgan kam ta’minlangan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;
joylarda obodonlashtirish vako‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida yig‘ilgan chiqindilarni tashkiliy ravishda alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta’minlash;
xayriya hashari qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash vazifalari yuklatildi.
Izoh (0)