Qarshi shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ariza bilan murojaat qilgan R.Sa’dullayevaning manfaatini ko‘zlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi, deb yozadi O‘zA.
Ushbu arizada Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari 2014-yil 16-yanvarda tuzgan dalolatnomani g‘ayriqonuniy deb topish va uning asosida hisoblangan 1 million 669 ming 20 so‘m qarzdorlikni undiruvdan chiqarish hamda mansabdor shaxsdan manfaatdor shaxsga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 5 million so‘m tovon puli undirish so‘raldi.
Sud majlisida R.Sa’dullayeva Qarshi shahar 1-mittitumandagi 1 “A” uy, 9-xonadon o‘ziga tegishli ekanini bayon etdi. Ushbu uyda elektr hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lsa-da, korxona tomonidan Qarshi shahridagi xonadonlarda elektr energiyasidan foydalanishni o‘rganish bo‘yicha jalb qilingan Nishon tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimi B.G‘ayimnazarov 2014-yil 16-yanvarda “hisoblagich o‘zboshimchalik bilan almashtirilgan” deb dalolatnoma tuzgan. Ushbu dalolatnomaga R.Sa’dullayeva emas, uning 2006-yili vafot etgan otasi S.Turdiyev ishtirok etganligi ko‘rsatilib, hatto marhumning imzosi ham qo‘yilgan.
Sud fuqarolik ishlari bo‘yicha materiallarda to‘plangan hujjatlarni o‘rganib chiqib, dalillarga huquqiy baho berdi va iste’molchining talabini qisman qanoatlantirishni lozim topdi. Sud qaroriga ko‘ra, Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining dalolatnoma tuzishdan iborat xatti-harakatlari g‘ayriqonuniy deb topildi va dalolatnomaga asosan fuqaro R.Sa’dullayeva xonadoniga hisoblangan 1 million 669 ming 20 so‘m qarzdorlikni undiruv ro‘yxatidan chiqarish majburiyati yuklatildi.
Izoh (0)