O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi yanvar oyida 1,8 milliard dollar, shu jumladan eksport 0,7 milliard dollar, import 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. Tashqi savdo saldosi minus 433,9 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Mamlakat eksportining 34,1 foizini xizmatlar, 24,2 foizini energiya tashuvchi va neft mahsulotlari, 8,2 foizini kimyo mahsulotlari va 7,2 foizini oziq-ovqat tovarlari, 4,8 foizini qora va rangli metallar, 3,7 foizini mashina va qurilmalar, 1,1 foizini paxta tolasi tashkil etdi.

Mashinalar va qurilmalarning eksporti o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 3 marta oshdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmi bug‘doy eksportining 6,8 marta, meva-sabzavotlar eksportining 28,8 foizga oshishi hisobiga 40,8 foizga o‘sdi.

Energiya tashuvchi va neft mahsulotlarining eksport hajmining o‘sishi (2,3 marta) tabiiy gaz eksportining 3,3 barobar oshishi hisobiga kuzatilmoqda.

Importning asosiy ulushi mashina va qurilmalar — 35,4 foiz, oziq-ovqat tovarlari — 13,8 foiz, qora va rangli metallar — 11,3 foiz, energiya tashuvchi va neft mahsulotlari — 7,6 foiz va xizmatlar — 6,4 foizni tashkil etdi.

MDH mamlakatlaridan asosiy tashqi savdo hamkorlari Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ukraina, Tojikiston va Qirg‘iziston bo‘lib, tashqi savdo aylanmasining 41,4 foizi ularning ulushiga to‘g‘ri keladi. Boshqa hamkor mamlakatlar — Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya, Germaniya, Afg‘oniston, Latviya, Litva, Hindiston, Eron ulushiga tashqi savdo aylanmasining 41 foizi to‘g‘ri keladi.