Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan Thai International Travel Fair xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Ushbu ko‘rgazma ko‘lami va ishtirokchilar soni bo‘yicha dunyodagi yirik xalqaro sayyohlik anjumanlaridan biri hisoblanadi. Bu yil unga 1200 dan ortiq ilg‘or firma va kompaniyalar vakillari, 400 mingdan ortiq odam tashrif buyurdi.
TITF – 18 ko‘rgazma majmuasida o‘tkazilgan anjumanda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi hamda mamlakatdagi qator sayyohlik kompaniyalari o‘z xizmatlarini namoyish etdi. Yarmarka ishtirokchilari O‘zbekistonda turizm sohasida yaratilgan imkoniyatlar, taklif etilayotgan xizmatlar, O‘zbekiston va jahon bo‘ylab aviaqatnovlar ko‘lami faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishdi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekistonning sayyohlik brendini ommalashtirish, turistik xizmatlarini jahon bozorlariga chiqarish maqsadida “O‘zbekiston haqida nimalarni bilasiz?” degan nom bilan o‘tkazilgan tanlov qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tanlovning ikki nafar faol ishtirokchisi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradigan Bangkok – O‘zbekiston – Bangkok yo‘nalishi bo‘yicha parvoz chiptalarini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)