Toshkent viloyati Qibray tumanida Spark avtomobili o‘g‘risi fosh etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Toshkent viloyati Qibray tumani ichki ishlar bo‘limiga “Yuqori yuz” mahallasida yashovchi 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro V. Saidov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) ariza bilan murojaat qildi. Joriy yil 5-fevral kuni soat 18:00 da o‘ziga tegishli Spark rusumli avtomashinasini uyi oldiga qo‘ygani, lekin keyinroq u avtomashinasi qo‘ygan joyida yo‘qligi va noma’lum shaxs tomonidan olib qochilganini ma’lum qilgan.
Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jabrlanuvchiga tegishli avtomashina Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, TTZ-1 dahasi hududidagi ko‘p qavatli uylar oldidan topildi. Avtomashina salonida bo‘lgan V. Saidovga tegishli video kuzatuv moslamasi, flesh-kartasi, plastik kartochkasi va puli bo‘lgan qopchig‘i, qo‘l soati, shaxsiy imzosi tushirilgan muhr va avtoulov kaliti yo‘qolgani aniqlandi.
Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni hududda yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan M. Sharipov sodir etgani aniqlanib, ushlangan. Ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tegishli jihozlar va Spark avtoulovi soz holatda jabrlanuvchiga qaytarildi.
Izoh (0)