8-fevral kuni Qur’on musobaqasi Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tdi, deb yozadi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati.
Musobaqa haqida diniy idora kotibiyati mudiri Ulug‘bek Sulton shunday fikr bildiradi: “Musobaqa Farg‘onada bo‘lgan kuni, 8-fevralda shu qadar qattiq sovuq bo‘ldiki, masjidning ichi ham juda issiq emas, tashqarisini gapirmasa ham bo‘ladi, ammo odamlar qilt etmay o‘tiribdi. Biz iliqqina suvga tahorat qilib, issiqqina masjidlarda o‘tirib o‘rgangan odamlar muzlab qolay dedik. Lekin sovuq ulardan ham o‘tib ketyapti. Biroq Qur’oni karimning hurmatini saqlab bir kishi o‘rnidan turib ketmadi.
Undan chiqib Buvaydaga yo‘l oldik. Borsak, allaqachon masjid to‘lgan, hovlida ham ikki yuz chog‘li odam o‘tiribdi. Ayni ayoz qisadigan choq – asr bilan shomning orasi. Qur’on o‘qilyapti, o‘tirganlar boshini yerga solib tinglab o‘tiribdi. Ba’zilarining ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan…
Bu odamlar nega bu yerda o‘tiribdi? Shu qorasovuqda o‘tirish nima zarur ularga? Ularga buning uchun birov bir narsa beradimi – pul-mul, osh-non degandek!..
Yo‘q, azizlar, ular bu narsalardan ortig‘ini istab o‘tiribdi va u istaganlarini qo‘lga kirityapti.
Tashqari qancha sovuq bo‘lsa-bo‘lsin! Ammo ularning qalbida qaynoq muhabbati bor. Alloh taoloning Kalomiga bo‘lgan muhabbat otashi qalbiga o‘rnashgan kishi uncha-muncha sovuqni pisand qilarmidi!”
Izoh (0)