O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Xotin-qizlarga e’tibor hamma vaqt barcha sa’y-harakatlarimiz markazida bo‘lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak, — dedi davlat rahbari. — Oilaga e’tibor aslida bu o‘zligimizga e’tibordir”.
Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e’tibor berilmagani ta’kidlandi.
Oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir. 2017-yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda. Ayollar o‘rtasida jinoyatga qo‘l urish hollari ko‘p uchramoqda.
Onalar va go‘daklar o‘limi qayd etilayotgani, nogiron bolalar tug‘ilayotgani — xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning mutlaqo qoniqarsiz ekanini ko‘rsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan o‘tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti.
Shu bois oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida “ayollar maslahatxonalari” tashkil etilishi belgilandi.
Respublika komissiyasi va yettita ishchi guruh tashkil etilib, bu boradagi ishlarni bajarish O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri zimmasiga yuklatildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakat xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta’minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.
Topshiriqlarga muvofiq, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining barcha bo‘g‘inlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy o‘rganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar o‘zgartiriladi.
Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi.
“Oila” markazi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.
Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy o‘rganilib, ularga o‘z vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi.
Ishlash istagi bo‘lgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta’minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o‘tgan yili maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan 2587 nafar diniy oqim a’zosi bo‘lgan ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Yig‘ilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Izoh (0)