AQSh qurolli kuchlari vertolyoti Anbar viloyatinig al-Bag‘dodiy mintaqasida xatolik sabab Iroq xavfsizlik kuchlariga tegishli avtomobilni o‘qqa tutdi. Oqibatda sakkiz kishi halok bo‘ldi, 20 kishi yaralandi, deya xabar bermoqda “RBK”.
Ko‘p o‘tmay AQSh boshliq koalitsiya kuchlari mazkur xato zarba yuzasidan bayonot bergan. Unda ta’kidlanishicha, bu terrorchilik gumon qilinayotgan shaxslardan birini izlash bilan bog‘liq reyd vaqtida yuz bergan. Qo‘mondonlik mazkur holat yuzasidan surishtiruv olib borilishini bildirgan.
Alsumaria telekanali axborotiga ko‘ra, o‘qqa tutilganlar orasida Al-Bag‘dodiy shahri politsiyasi boshlig‘i va hudud ma’muriyati rahbari ham bo‘lgan. Ular mahalliy qabilalardan birining shayxi bilan uchrashuvga ketayotgan bo‘lgan.
Dekabr oyi boshida Iroq hukumati mamlakatda IShID terrorchilik tashkiloti ustidan to‘liq g‘alaba qozonilganini e’lon qilgan edi. Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiyning so‘zlariga ko‘ra, mazkur terrorchi tashkilot kuchlari “Iroqda to‘liq tor-mor etilib, mamlakatdan tashqariga chiqarib tashlandi”.
Izoh (0)