Saudiya Arabistoni merosxo‘r shahzodasi va qirollik mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon shaxsiy xususiy armiyasi — Al-Saif Al-Ajrab harbiy kompaniyasini yaratdi. Qirollik OAVlarining ma’lum qilishicha, yangi tuzilmani tashkil etishda qirollikka Amerikaning eng mashhur xususiy harbiy kompaniyasi Blackwater asoschisi Erik Prins ko‘mak bergan. Saudiya rasmiylari avval ham xususiy harbiy kompaniya xizmatlaridan foydalangan. Qirollikda korrupsiyada gumon qilinib, 11 shahzoda hibsga olingan noyabr voqealari, shu jumladan, deb yozadi “Gazeta.ru”.
Yangi tuzilmani tashkil etish haqidagi buyruqni Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdul-Aziz imzolagan. Yangi kuchlarning soni yuqori darajada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan 5 ming askardan iborat.
Yangi tuzilma aynan nima uchun tashkil etilganligiga aniqlik kiritilmagan.
Innovatsion taraqqiyot instituti Yaqin Sharq mojarolarini tadqiq etish bo‘limi rahbari va Xalqaro ishlar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Anton Mardasov nashr bilan suhbatda yangi armiya “qaltis operatsiyalarni” o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi neytral kuch bo‘lishi va uning tarkibiga yollanma askarlar kirishini taxmin qiladi.
BAA shahzodalarni hibsga olish va ularga bosim o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga jalb etilgan. Jumladan, Mardasov Amirliklar Ar-Riyodga hibsga olingan shahzodalar va mansabdorlar hisoblarini fosh etishga ko‘mak berganligini hikoya qiladi.
Noyabr boshidagi hibsga olish to‘lqinidan so‘ng barcha qo‘lga olingan shahzodalar Ar-Riyod markazidagi premium klassidagi besh yulduzli mehmonxonaga joylashtirilganligi taxmin qilinadi — qirollik oilasi vakillarini darhol qamoqxonaga yuborish podsholik uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin edi.
“Shahzodalarni mehmonxonada saqlash va ular saroylarini bloklash uchun yot kuchlar jalb etilgan. Bu qanday kuchlar ekanligi noma’lum, men faqat bir narsani bilishga erishdim. Bu BAAdan Olive Group xususiy harbiy kompaniyasi. Uning asoschisi kim — noma’lum, uning yaratilishiga Erik Prinsning aloqasi bor-yo‘qligini bilmayman”, — deydi Mardasov.
Uning so‘zlariga qaraganda, avval bu xususiy harbiy kompaniya to‘g‘risida ko‘p mish-mishlar bo‘lgan, jumladan, unda Amerika fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar ko‘pligi ma’lum qilingan.
“Hozir ko‘plab manbalar, arab manbalari ham, Amerika manbalari ham, shu jumladan, Davlat departamenti sobiq xodimlari ham saudiyaliklar natijasiga ishonch hosil qilish uchun qaltis operatsiyalarni o‘tkazishda tayanuvchi xususiy harbiy kompaniya mavjudligini tasdiqlaydi”, — deydi ekspert.
Bin Salmonning yangi tuzilmasi qaysi mablag‘ hisobidan tashkil etilganligiga ham aniqlik kiritilmaydi. Mardasov uni tashkil etish uchun pul hibsga olingan shahzodalardan musodara qilingan mablag‘lar hisobidan ajratilgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.
Xalqaro ishlar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Grigoriy Lukyanov xususiy harbiy kompaniya xizmatlariga Saudiya Arabistoni g‘aznasidan haq to‘lanishi va ular qirollik davlat budjetining harbiy xarajatlariga kiritilganligini ta’kidlaydi.
“Xususiy harbiy kompaniya bilan shartnomalar qirollik budjetidan moliyalashtiriladi, chunki ular Yamandagi operatsiyalar bo‘yicha keng doiradagi masalalar: o‘q-dori, yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazish, razvedka, rejalashtirish, qo‘shinlarni tayyorlash, ularni boshqarish, bo‘linmalarni Yaman yo‘nalishida joylashtirish kabi vazifalarni hal etadi. Bu ulkan xarajatlar bo‘lib, ularga g‘aznadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ sarflanadi” — deya aniqlik kiritadi u.
Qirollikda tarixiy larza yuz bergan har qanday lahzada monarx tayanishi mumkin bo‘lgan harbiy tuzilma tashkil etilgan. Aynan shu maqsadda Saudiya Arabistonida dastlab Milliy gvardiya yaratilgan. “U kuch organlarini tiyib turish vositasi sifatida yaratilgan, biroq qirol tutgan yo‘l va uning hokimiyatni bin Salmonga meros qilib qoldirish g‘oyasiga nisbatan yetarlicha sodiq emas bo‘lib chiqdi”, — deya hikoya qiladi Lukyanov.
Bin Salmon noyabr hodisalariga qadar ham mudofaa vazirligi va maxsus xizmatlar rahbariyatida tozalash o‘tkazgan, biroq shahzoda hozircha zaif va u Saudiya Arabistoni ichki kuchlariga tayanib yuqori elitaga qarshi bu kabi radikal harakatlarni amalga oshirish uchun yetarlicha kuchga ega emas, deydi nashr suhbatdoshi.
“An’anaviy aloqalar yetarlicha kuchli, shahzoda muxolifati ham yetarlicha kuchli, shuning uchun u asosiy ish beruvchisi bo‘lganligi sababli unga sodiq chet ellik harbiy mutaxassislarga suyanishga majbur. Shu sababdan ular faqat o‘zlari bajarishi mumkin bo‘lgan ishlar — hibsga olishlarni amalga oshirish, obyektlar va hibsga olinganlarni tergov davomida qo‘riqlash kabilarni bajaradi. Ular, shuningdek, Yaman kampaniyasida ham shahzodani qo‘llab-quvvatlaydi — aynan ular tufayli u haligacha mag‘lub bo‘lmagan”, — deya aniqlik kiritadi ekspert.
Shu bilan birga, Lukyanov fikricha, Saudiya Arabistonida chet elliklardan qonuniy bo‘linma tashkil etilgan deb bo‘lmaydi. “Bu doimiy bo‘lmagan kuch bo‘lib, unga zarurat bo‘lmaganda shartnoma yakunlanib, ular tarqatib yuborilishi ehtimoli katta”, — deb hisoblaydi u.
Izoh (0)