1-fevraldan Toshkentning bir qancha bog‘chalariga tayyor ovqatlar yetkazib beriladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tajriba sifatida bir nechta maktabgacha ta’lim muassasasi tanlab olingan. Tadbirkorlik subyektlarining ham sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni bog‘chalarga yetkazib berishdagi takliflari o‘rganilmoqda.
Tayyor ovqat bog‘chaga qanday tartibda yetkaziladi? Bu savolga vazirlikning maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘limi bosh mutaxassisi Aziz Aliyev shunday javob berdi:
“Aslida bu amaliyot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bor. Bizda tajriba tariqasida Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan tegishli talablarga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi”.
Tayyor ovqatlar maktabgacha ta’lim muassasida bolalarning ovqatlanish soatlari tartibiga qarab issiq yetkaziladi. Har bir jo‘natma, ovqat tarkibi, sifati, porsiyasini vazirlik tuzgan komissiyalar nazorat qilib boradi. Shuningdek, tayyor ovqatlar bir martalik ishlatiladigan maxsus idishlarda har bir bola uchun alohida qadoqlangan bo‘ladi.
Izoh (0)