25-yanvar kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi o‘zining navbatdan tashqari konferensiyasini o‘tkazadi. Unga katta ehtimol bilan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi mezbonlik qiladi.

Foto: O‘FF

Umid Ahmadjonov: Ishonch bildirganlaridan xursandman. Shu bilan birga katta mas’uliyatni his qilib turibman

Bunga qadar O‘FF prezidenti sifatida ishlab kelayotgan Umid Ahmadjonov kecha — 16-yanvar kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib saylandi. Shu tariqa Ahmadjonovning O‘FFdagi keyingi faoliyati qanday bo‘lishi borasidagi savollar paydo bo‘ldi.

Ahmadjonovning ma’lumot berishicha, O‘FFning 25-yanvar kungi navbatdan tashqari konferensiyasida mana shu masalaga oydinlik kiritiladi.

“Daryo”ning O‘FFdagi manbasi xabariga ko‘ra, shu kuni tashkilot prezidenti va vitse-prezidentlari almashishi ham mumkin. Biroq Ahmadjonov tashrifidan keyin boshlangan ishlar shu yo‘sinda davom etadi va to‘xtab qolmaydi. MOQ prezidenti bo‘lgan Ahmadjonovning o‘zi ham katta ehtimol bilan O‘FF strukturasidagi faoliyatini davom ettiradi.