AQSh prezidenti Donald Tramp 2016-yilgi saylovlarda taxmin qilinayotgan soxtalashtirishlarni tekshirish bo‘yicha komissiyani tarqatib yubordi va surishtiruv olib borishni AQSh ichki xavfsizligi vazirligiga topshirdi. Bu haqda Oq uy bayonotida ma’lum qilindi, deb yozadi “RIA Novosti”.
“Saylovlardagi firibgarlik to‘g‘risidagi ancha ma’lumotlarga qaramasdan, ko‘pchilik shtatlar prezident komissiyasiga surishtiruv uchun zarur asosiy ma’lumotni taqdim etishdan bosh tortdi. Soliq to‘lovchilar hisobidan nihoyasiz sud tortishuvlarida qatnashishni istamayman. Shuning uchun bugun ijro farmonini imzoladim, unda komissiyani tarqatib yubordim, shuningdek, ichki xavfsizlik vazirligiga mazkur masalalarni o‘rganish va bundan keyin qanday harakat qilishni belgilashni topshirdim”, — deya ma’lum qiladi Tramp.
AQSh prezidenti may oyida 2016-yilgi saylovlarda qalbakilashtirish bo‘lganligi haqidagi bayonotidan so‘ng komissiyani ta’sis etgan edi. Tramp kutilmaganda g‘alaba qozongan saylovlardan so‘ng uning raqibi Hillari Klintonga millionlab soxta ovoz qo‘shib yozilganligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)