Xalqaro ishlar bo‘yicha ekspert Edil Osmonbetovning fikricha, 2017-yil Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy bosqich bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: “Sof.uz”

“Chunki biz ikki tomonlama aloqalar nuqtai nazaridan 26 yilda bajarilmagan ishlarni bir yil ichida fazoviy tezlikda amalga oshirdik, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga erishdik”, — dedi u.

Siyosatshunosning fikricha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar va MDH mamlakatlari uchun andoza bo‘la oladi.

“Agar biz O‘zbekiston bilan barcha iqtisodiy, chegaraga oid, tranzitni diversifikatsiya qilish masalalariga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yechim topsak, qo‘shni mamlakat bilan aloqalarimiz teng huquqli bo‘ladi. Mintaqadagi boshqa davlatlar bunga e’tibor qaratib, uni asos qilib oladi va Markaziy Osiyoda 2018—2019-yillarda tamoman boshqa muhit kuzatiladi”, — deb ta’kidladi E. Osmonbetov.

Siyosatchining fikricha, Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidentligiga saylanganidan so‘ng xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistonga uyushtirgani mamlakat rahbariyatining O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolatdir.

E. Osmonbetov mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 250 million dollarga yetgani ikki tomonlama aloqalar tarixida hali kuzatilmaganini, bu davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltiruvchi ko‘rsatkichlardan ekanini ta’kidladi.

“Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnisi, degan so‘zlari biz mintaqada strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganimizni anglatadi”, — deb qo‘shimcha qildi ekspert.