O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2018-yili o‘tkazilishi belgilangan Qur’on musobaqasi sanalariga o‘zgarishlar kiritdi. Bu haqdagi e’lon idora saytida chop etildi.
“Joriy yilning 22-dekabr kuni 2018-yilning birinchi yarmida respublikamizda 3 bosqichdagi Qur’on musobaqasi o‘tkazilishi e’lon qilingan edi”, — deyiladi xabarnomada.
Belgilangan tartibga ko‘ra, 2018-yil 1‒10-yanvar kunlari musobaqa ishtirokchilarini ro‘yxatga olish sanasi deb belgilangandi. Biroq, xabarda ta’kidlanishicha, “davlatimiz tomonidan milodiy yangi sana kirib kelishi munosabati bilan yilning dastlabki 3 kuni ham dam olish kuni deb e’lon qilingani bois” qabul kunlari 2018-yil 4‒13-yanvarga ko‘chirildi.
Musobaqaning shahar‑tuman bosqichi sanasi ham biroz kechga surildi.
Viloyatlarda musobaqaning birinchi bosqichi uchun tayinlangan shahar va tumanlar hamda musobaqa tadbirini o‘tkazish manzili 2018-yil 3-yanvargacha idora saytida e’lon qilinadi.
Izoh (0)