29-dekabr, juma kuni Rossiya Birinchi kanalidagi “Golos” loyihasi 6-mavsumining finali bo‘lib o‘tdi. Musiqiy shouning navbatdagi mavsumida Selim Alaxyarov birinchilikni qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Shou finaliga Ladislav Bubnar (Chexiya), Selim Alaxyarov (Maxachqal’a), Timofey Kopilov (Vladimir) va xitoylik Yan Ge chiqqan edi. Loyiha g‘olibi jonli efir vaqtida teletomoshabinlarning ovozlari orqali aniqlandi.

6-mavsumda ishtirokchilarga Pelageya, Dima Bilan, Leonid Agutin va Aleksandr Gradskiy ustozlik qildi.

Birinchi kanalning musiqiy va ko‘ngilochar dasturlar bo‘yicha bosh prodyuseri Yuriy Aksyut g‘olibga 1 million rubl hamda Ford Focus avtomobilini sovg‘a sifatida topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, “Golos” loyihasining 5-mavsumida o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Sardor Milano 4-o‘rinni egallagan edi.