30-dekabr, juma kuni Rossiya Birinchi kanalidagi “Golos” loyihasi 5-mavsumining finali bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik Sardor Milano 4-o‘rinni egalladi.

Foto: Birinchi kanal

Foto: Birinchi kanal

Finalni Sardor Milano o‘z ustozi Polina Gagarina bilan birgalikda ijro etilgan “Navek” qo‘shig‘i bilan boshlab berdi.

Keyin esa uning finaldagi raqiblari — Qayrat Pirimberdiyev Dima Bilan bilan, Aleksandr Panayotov Grigoriy Leps bilan, Darya Antonyuk Leonid Agutin bilan duet aytdi.

Keyin final ishtirokchilari yakka holda qo‘shiq kuyladi. Sardor “Knyaz Igor” operasining “Uletay na krilyax vetra” qismini ijro etdi.

Teletomoshabinlar maxsus raqamga SMS xabarlar yuborish va qo‘ng‘iroq qilish orqali finalning ikkinchi bosqichiga chiqadigan uch ishtirokchini aniqladi. Afsuski, Sardor Milano eng kam ovoz yig‘gani uchun musobaqani 4-o‘rinda yakunladi. U “Qirol sher” multfilmidagi Circle of Life qo‘shig‘i bilan loyihadagi ishtirokini yakunladi. “Golos”ning shu mavsumida Polina Gagarina jamoasida chorak finalgacha yetib kelgan, Toshkentdagi restoranda qo‘shiq kuylovchi mavrikiylik Xensli Poynen musiqa chalib, Sardorga jo‘r bo‘lib turdi.

Qolgan uch ishtirokchi bir martadan qo‘shiq aytdi. Teletomoshabinlarning navbatdagi ovoz berishidan so‘ng qirg‘izistonlik Qayrat Pirimberdiyev 3-o‘rinni oldi.

Foto: Birinchi kanal

Foto: Birinchi kanal

Shundan so‘ng teletomoshabinlar qolgan ikki ishtirokchiga ovoz berishdi. 53 foizdan ortiq ovoz olgan Darya Antanyuk “Golos”ning beshinchi mavsumi g‘olibiga aylandi. Unga g‘oliblik statuetkasidan tashqari 1 million rublga sertifikat berildi.

Foto: Birinchi kanal

Foto: Birinchi kanal

Eslatib o‘tamiz, Sardor Milano birinchi bosqichdan keyin Dima Bilanni o‘ziga ustoz sifatida tanlagandi. Ammo ikkinchi bosqichda Milano Oksana Kazakova bilan duet aytgach, Bilan Oksanani o‘z jamoasida qoldirdi. O‘zbekistonlik xonandani Polina Gagarina saqlab qoldi. Chorak finalda esa teletomashabinlarning ovozi Sardorni yarim finalga olib chiqqandi. Yarim finalda esa Polina ham, teletomoshabinlar ham uni finalga munosib ko‘rgandi.

Sardor 2015-yilda Rossiyadagi boshqa bir loyiha — “Glavnaya ssena”da qatnashib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Ma’lumot uchun, 2014-yili “Golos”da qatnashgan o‘zbekistonlik Nargiz Zokirova 2-o‘rinni egallagandi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.