Jahonga mashhur xonanda Enrike Iglesiasning Toshkentdagi konserti rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning ko‘magida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Nuz.uz” xabar bermoqda.

Foto: “Nuz.uz”

Enrike Iglesiasning Toshkentdagi konserti 28-dekabr kuni “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan (shu sabab taniqli so‘z ustasi Obid Asomovning uch kunlik konsertidan bir kuni 2018-yilga o‘tib ketdi).

Avvalroq “Istiqlol” san’at saroyi direktori Isroil G‘ulomov konsertga chiptalar sotilmasligi, unga tomoshabinlar faqat taklifnoma asosida kiritilishi haqida “Daryo”ga ma’lum qilgan edi.

“Nuz.uz” xabariga ko‘ra, ispaniyalik xonandaning konserti chiptalari Madaniyat vazirligi va Yoshlar Ittifoqi, shuningdek, boshqa jamoat tashkiloti va Mehribonlik uylari orqali iqtidorli, faol yoshlarga tarqatiladi.

Bundan tashqari, o‘qishda va jamoatchilik ishlarida ma’lum bir yutuqlarga erishgan o‘quvchi va talabalar ham Enrike Iglesiasning konserti chiptalarini qo‘lga kiritishlari mumkinligi aytilmoqda.

Avvalroq rossiyalik milliarder Alisher Usmonov boshqa taniqli xonandalar — Robbi Uilyams va Xose Karreraslarning Toshkentdagi konsertlarini uyushtirgani aytilgan edi.