15-dekabr kuni britaniyalik pop-qo‘shiqchi Robbi Uilyams O‘zbekistonda o‘zining yakkaxon konsertini taqdim etadi. Bu haqda konsert tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Google

Robbi Uilyams — mashhur Take That guruhining sobiq a’zosi. Robbi qo‘shiqchilikni boshlaganidan buyon uning albomlari 59 milliondan ziyod nusxada sotilgan. Ba’zi albomlari esa bir necha bor “platina” maqomini olgan. Uning “Feel”, “Supreme”, “Batter Man” va “Milliennium” kabi qo‘shiqlari xit darajasiga ko‘tarilgan.

Elton Jon Robbining ovoz tembri va ijoradagi mahorati sabab unga “XXI asrning Frenk Sinatrasi” deya ta’rif bergan. 2005-yilda Robbi Uilyams “Intensive Care” albomini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tur uyushtirishini ma’lum qilgach, bir kunda 1,6 million donadan ortiq chipta sotilgan. Buning natijasida Robbi Ginnesning rekordlar kitobidan o‘rin olgan.

Foto: Google

17-dekabr kuni soat 19:00 da esa Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida ispaniyalik taniqli tenor Xose Karreras O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘rligida konsert beradi.

Orkestrga dunyoga mashhur dirijorlardan biri — ispaniyalik maestro David Gimenes boshchilik qiladi. Gimenes muntazam ravishda Xose Karreras, Plasido Domingo, Anna Netrebko, Kiri Te Kanava, Roberto Alanya, Anjela Georgiu kabi qo‘shiqchilar bilan hamkorlik qilib keladi.

Opera olamining eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan bo‘lgan Xose Karreras o‘zining professional karyerasini 1970-yilda boshlagan. Karreras o‘zining dastlabki operalarini dunyoga mashhur teatrlarda ijro etgan, jumladan, Milandagi La-Skala, Nyu-Yorkdagi Metropolitan Opera, London Qirollik opera teatri shular qatorida.

Xose Karreras ko‘plab, dunyoga mashhur dirijyorlar bilan hamkorlik qilgan, ular orasida Gerbert fon Karayan, Klaudio Abbado, Rikkardo Muti, Lorin Maazel, Rikkardo Shayli, Kolin Devis, Juzeppe Sinopoli, Jeyms Levin, Karlo Mariya Julini, Leonard Bernshteyn va Zubin Meta mavjud.

Karrerasning repertuaridan 60 dan ortiq operalar operalar o‘rin olgan. Ular orasida eng mashhurlari — “Bogema”, “Don Karlo”, “Karmen”, “La Forza del Destino” va hakozo.

Uning ijro uslubi har bir odamga tushunarli, mahorati va jozibasi esa — takrorlanmas. Biroq ispaniyalik xonanda faqatgina bu bilan tanilmagan. Butun dunyoni hayratga solgan jihatlardan biri — Karrerasning repertuari barokkodan zamonaviy musiqagacha bo‘lgan 600 dan ortiq turli uslublarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Bo‘lib o‘tadigan konsertlar milliarder Alisher Usmonovning O‘zbekiston xalqiga yangi yil sovg‘asi hisoblanadi. Bu O‘zbekiston aholisi uchun faqatgina yangi yil sovg‘asi bo‘lib qolmay, balki boy madaniyatga ega O‘zbekiston xorijlik yulduzlar uchun ham qiziqish uyg‘otayotganligining yorqin misolidir.

Konsert chiptalarining bir qismi 11-dekabr, dushanba kunidan e’tiboran“Istiqlol” san’at saroyining kassalarida sotuvga chiqadi.