AQSh vitse-prezidenti Maykl Pens soliq islohoti bo‘yicha ovoz berish chog‘ida Amerika Kongressi Senati majlisida qatnashish zarurati tufayli Misr va Isroilga tashrifini yanvar oyi boshiga ko‘chirdi. Bu haqda 18-dekabr, dushanba kuni Oq uy vakili jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Soliqlar bo‘yicha ovoz berish muammoli bo‘lmasligi kerak, biroq biz hech narsani istisno eta olmaymiz”, — deydi u. Endilikda Pens tashrifini 15-yanvardan boshlanuvchi haftada amalga oshirishi kutilmoqda. Dastlab Pens mazkur hafta boshida jo‘nab ketishi rejalashtirilgan edi. Uning safari haqida prezident Donald Tramp Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish haqida e’lon qilgan paytda ma’lum qilgan edi.
Pens konstitutsiya bo‘yicha Amerika Senati raisi hisoblanadi. U yoki bu qonun loyihasini qabul qilishda ovozlar teng taqsimlansa, u qo‘shimcha ovoz berib, tashabbusni qo‘llab-quvvatlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Avvalroq Tramp soliq islohoti yil yakuniga qadar qabul qilinishi kerakligi haqida ma’lum qilgan edi. 19-dekabr, seshanba kuni qonun loyihasi Vakillik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi, shundan so‘ng Senatga taqdim etilishi lozim.
Izoh (0)