Rossiya—2018 mundiali Ispaniya terma jamoasisiz o‘tishi mumkin, deb yozdi mamlakatning eng oldi nashrlaridan biri El Pais.

Foto: Google Images

FIFA shu masalani o‘zida aks ettirgan maktubini Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasiga yuborib ulgurgan. Xatda yozilishicha, hukumat futbol federatsiyasining ishiga aralashgudek bo‘lsa, Xalqaro futbol uyushmasi buni kechirib o‘tirmaydi.

Avvalroq Ispaniya futbol federatsiyasi prezidenti Anhel Mariya Vilyar korrupsiyada ayblanib, iste’foga chiqarilgandi. Hozir uning vazifasini vaqtinchalik Xuan Luis Larrea boshqarib turibdi.

Hech kim Ispaniya termasini mundialdan chetda qoldirishga shoshilmayapti. Bunday holat kuzatilmaydi. Siz Ispaniyani Jahon Chempionatidan chetlashtirib, o‘rniga Italiyani ko‘rishni istayotganmidingiz? Bizda federatsiya odatdagidek ish olib boryapti. Qolaversa, mundial chiptasi haqli ravishda yutib olingan va FIFA ham buni tan oladi.

Xuan Luis Larrea, IFF prezidenti v.v.b.

Vilyardan bo‘shab qolgan o‘ringa yaqin orada saylovlar bo‘lib o‘tadi. FIFAni aslida mana shu saylovlar tashvishga solib qo‘ygan. Shubhaga ko‘ra, rasmiy Madrid saylovga aralashib, unda o‘zi istagan vakil yutib chiqishi uchun harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu holat esa FIFA nizomining 13-bandiga ziddir.

Ispaniya termasi saralashda Italiyani qoldirib ketgandi. “Qizil furiya” 2010-yilgi mundialda bosh sovringa ega chiqqan. 2008 va 2012-yillarda esa Yevroda zafar quchgan. 2018-yilgi JChda ispanlar Eron, Marokash va Portugaliya bilan bir guruhdan joy olgandi.

FIFA aralashuvidan keyin Peru hukumati mamlakat futbolini tinch qo‘ydi. Terma jamoa JCh—2018 ga boradi