O‘zbekiston Qurolli kuchlarining 26 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni 2018-yilda yangicha formatda nishonlanadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi 14-dekabrda tashkil etgan matbuot anjumanida aytildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
O‘zbekiston Prezidentining 7-dekabrdagi farmoyishiga binoan, bayram arafasida 5−10-yanvar kunlari Toshkentda va viloyat markazlarida harbiy-vatanparvarlik festivallari o‘tkaziladi. Ularning dasturiga harbiy texnika va qurollanish namoyishi, harbiy orkestrlar konsertlari, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, shuningdek, “Vatanparvar” klublari harbiy-texnik va sport imkoniyatlari namoyishi kiradi. Tadbirlar keng formatli ko‘cha ekranlari orqali yoritiladi.
10−15-yanvar kunlari “Harbiy orkestrlar musiqasi” harbiy-vatanparvarlik aksiyalari o‘tkaziladi. Uning doirasida harbiy xizmatchilar Toshkent va viloyat markazlari ko‘chalarida harbiy marsh bilan o‘tadi. Bundan tashqari, yoshlar va harbiy xizmatchilar ishtirokida marafonlar tashkil etiladi.
15-yanvar kuni oliygoh, litsey, kollej va maktablarda harbiy xizmatchilar va faxriylar ishtirokida jasorat darslari o‘tkaziladi.
Dekabr oyi hamda 2018-yil davomida harbiy qismlar, harbiy oliy o‘quv yurtlarida va boshqa shu turdagi muassasalarda yoshlar uchun ochiq eshiklar kunlari tashkil etiladi.
10-yanvarga qadar litsey, kollej va maktablarda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv sinflari qayta jihozlanadi.
Bayram tadbirlari “Milliy armiya — yoshlar uchun jasorat, matonat va qahramonlik maktabi!” shiori ostida o‘tadi.
Izoh (0)