Gollivud aktrisasi Anjelina Joli yoshligida aktrisa bo‘lishni istamagan, bu sohaga u pul topish ilinjida kirib kelgan. Bu haqda 7MedNews xabar bermoqda.

Foto: “People.com”

42 yoshli aktrisa dastlab onasiga yordam berish uchungina filmlarda suratga tusha boshlagan.

Joli ishlab topgan gonorariga onasi uchun dori vositalarini sotib olgan, uning operatsiyasi uchun pul to‘lagan, klinikalarda davolanishiga sharoit yaratgan.

“Aktrisa bo‘lishga qaror qilganimda, men bu mashg‘ulotga onamga moddiy ko‘mak berishga yordam beruvchi ish sifatida qaraganman. Sevimli onajonimga yordam berishni juda xohlaganman”, — dedi Anjelina.

Joli 14 yoshga to‘lgan vaqtda uning onasi Marshelin Bertran saratonga chalingan. Aktrisaning otasi oilasini tashlab ketgan. Shuning uchun ham Joli onasi bilan moddiy qiyinchilikda yashagan.

Anjelina ilk bor yetti yoshida suratga olish maydonchasiga kelgan. Bu uning tashabbusi emas edi. Jolining ota-onasi filmda bosh rollarni ijro etayotgani bois Anjelinaga kino san’atida o‘zini sinab ko‘rish imkoniyatini yaratib bergan edi.

“Men kasbim nafaqat kreativ ekanligini, balki u tarix, insonlarning fe’l-atvori haqida ko‘p narsa o‘rganish imkoniyatini berishini tushundim”, — dedi Anjelina Joli.