2018-yil Janubiy Koreyada o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlarida Rossiya bayrog‘i bo‘lmaydi. Bu haqda “Meduza” Xalqaro olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Foto: “Meduza”

Rossiyalik sportchilar Olimpiadaga tashrif buyurish istagida bo‘lsa, ular olimpiya halqachalari tushirilgan neytral bayroq bilangina musobaqaga qo‘yilishi mumkin. Ammo buning ham bir qator shartlari mavjud. XOQ Rossiyada antidoping masalasi bilan bog‘liq muammolar hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlanganiga oid dalillar topganidan keyingina shunday qarorga keldi, deyiladi tashkilot saytida.

Dalillar sabab XOQ shunday qarorlar chiqardi:

  • Rossiya sportchilari olimp halqachalari tushirilgan neytral bayroq ostida musobaqaga qo‘yilishi mumkin. Shuningdek, Olimpiadada Rossiya madhiyasi yangramaydi, uning o‘rnida olimpiya musiqasi eshittiriladi. Rossiyalik sportchilar libosiga “rossiyalik olimpiya sportchisi”, deb yoziladi.
  • XOQ talabiga ko‘ra, Olimpiadada ishtirok etishga haqli deb topilgan sportchilar alohida komissiya tekshiruvidan o‘tadi. Ular shu vaqtga qadar doping bilan bog‘liq masala shubhasida ko‘rilmagan bo‘lishi kerak. Olimpiada oldidan bu sportchilar XOQ talabi bilan test topshirishi shart.
  • Jamoaning texnik qismida kimlar bo‘lishi va qaysi amaldorlarning unga bosh bo‘lishi masalasini XOQ hal qiladi. Sochi Olimpiadasida ishtirok etgan rahbarlardan birortasiga ham Janubiy Koreyadagi Olimpiadada ishtirok etish uchun ruxsat berilmaydi. Bu holat doping shubhasida bo‘lgan sportchilarning murabbiy hamda shifokorlarga ham tegishlidir.
  • Rossiya sport vazirligidan hech kimga Olimpiada—2018 uchun akkreditatsiya berilmaydi. Sobiq sport vaziri Vitaliy Mutko hamda uning sobiq yordamchisi Yuriy Nagornix Olimpiada o‘yinlaridan umrbod chetlashtirilgan. Rossiya MOQ raisi Aleksandr Jukov esa XOQ a’zoligidan o‘chirilgan.
  • Shuningdek, Rossiya tomoni 15 million dollar to‘lab berishi kerak. Bu pullar antidoping surishtiruvi loyihasi uchun sarf etilgan mablag‘ o‘rnini qoplaydi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri doping-testi bo‘yicha mustaqil tashkilotga (ITA) yo‘lantiriladi.
  • Rossiya Olimpiya Qo‘mitasining XOQdagi a’zoligi vaqtincha to‘xtatiladi. Tashkilot Pxenchxandagi Olimpiadaning yopilish marosimi oldidangina a’zolikka qaytarilishi mumkin.
“Meduza”ning yozishicha, rossiyalik sportchilardan kimlarning Olimpiadaga borishi va kimlarning bormasligi hozircha ma’lum emas. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, XOQning mazkur qarori yuzasidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun — 6-dekabr kuni o‘z pozitsiyasini bayon qiladi. Rossiya Davlat Dumasi deputatlari esa Olimpiadaga nisbatan boykot e’lon qilishga chaqirmoqda.