2018-yilning 18-avgustida Indoneziyada XVIII Osiyo O‘yinlari start oladi va u 2-sentabrga qadar davom etadi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday musobaqa?

Foto: Google Images

Mezbonlar

Osiyo Olimpiadasi ilk bor 1951-yil Hindistonning Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tgandi. Har 4 yilda bir marta o‘tkaziladigan festivalga hozircha eng ko‘p marta Tailand mezbonlik qildi — 4 marta. Taylar har safar osiyolik sportchilarni Bangkokda kutib oldi.

Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlar esa Osiyo O‘yinlarini o‘zida qabul qilish istagini 3 martadan bildirdi (2026-yil musobaqa Nagoyada o‘tadi). Mazkur mamlakatlar har safar boshqa-boshqa shaharlarda mehmonlarni qarshi oladi.

Indoneziya poytaxti Jakarta 1962-yilgi Osiyo O‘yinlariga mezbonlik qilgandi. Oradan 56 yil o‘tib, mazkur mamlakat ikkinchi bor musobaqa mezboni bo‘ladi. Faqat endi Jakartaning yoniga Palembang shahri ham qo‘shiladi. Osiyo Olimpiadasining rasman 2 ta shaharda o‘tishi bungacha kuzatilmagan hol edi.

Foto: Google Images

Raqamlar

Ketma-ket 8 ta Osiyo O‘yinlarida Yaponiya delegatsiyasi umumjamoa hisobida barchadan ustun bo‘laverdi. Keyin esa gegemonlik Xitoy sportchilarining qo‘liga o‘tdi. Musobaqaning so‘nggi 9 tasida ular bilan tenglashishning iloji bo‘lmadi.

Foto: Google Images

Osiyo O‘yinlari dastlab 6 ta sport turi bo‘yicha o‘tgandi. O‘shanda Hindistonga qit’aning 11 ta mamlakati tashrif buyurgan. 2006-yil Doha mezbonlik qilgan turnirda esa ishtirokchi mamlakatlar soni rekord darajaga chiqdi — 45 ta. Keyinroq Guanjou—2010, Inchon—2014 o‘yinlarida ham ishtirokchi mamlakatlar 45 tani tashkil qildi. Jakarta-Palembang—2018 ga ham 45 mamlakat delegatsiyasi tashrif buyurishi kutilmoqda.

Foto: Google Images

Sportchilar Indoneziyada 40 ta sport turi bo‘yicha bellashadi. Ma’lumki, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi har to‘rt yillikning eng yirik sport festivali bo‘lgan Olimpiada o‘yinlariga 28 ta sport turini litsenziyadan o‘tkazgan. Osiyo O‘yinlari tasnifida esa sport turlari Beydzing—1990 dan buyon 29 tadan kam bo‘lmagan. 40 soni kim uchundir ko‘p ko‘rinishi mumkin. Biroq bu rekord natija emas. Guanjou—2010 o‘yinlarida sportchilar 42 ta sport turi bo‘yicha bellashgandi.

Foto: Google Images

Medallar

Medallar tasnifida Xitoy delegatsiyasi qo‘lga kiritgan oltinlar soni 1342 taga yetgan. Bu borada ular yaqqol peshqadam. Yaponiyada esa ko‘rsatkich 957 tani tashkil qiladi. Kuchli o‘ntalikdan Janubiy Koreya — 696, Eron — 159, Qozog‘iston — 140, Hindiston — 139, Tailand — 121, KXDR — 98, Xitoy Taypeyi — 82, Filippin — 63 kabi mamlakatlar joy olgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo O‘yinlaridagi ishtirokini Xirosima—1994 dan boshlagandi. O‘sha turnir O‘zbekiston futbolida katta iz qoldirib, bosh jamoa yakunda chempionlikni qo‘lga kiritgani muxlislarimizga yaxshi ma’lum.

Foto: “Sports.ru”

O‘zbekistonlik sportchilar hozirga qadar Osiyo Olimpiadasida 63 ta oltin medalga ega chiqqan. Bu kuchli o‘ntalikni yakunlab turgan Filippin bilan teng ko‘rsatkichdir. Indoneziyadagi musobaqa davomida O‘zbekiston o‘z natijasini yanada yaxshilashga urinib ko‘radi.

Foto: Google Images

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qo‘mitasi 2013-yildan boshlab yangi davrga qadam qo‘ygani natijasida, mamlakat sportchilari Rio—2016 Olimpiadasida o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatndi. Ya’ni, umumjamoa hisobida 21-o‘rinni egallagan o‘zbekistonliklar, Osiyo qit’asi mamlakatlari tasnifida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi bo‘ldi.

Foto: Google Images

Jakarta-Palembang—2018

Indoneziya 4 ta yirik va 17 mingdan ziyod mayda orollardan iborat mamlakat. Jakarta va Palembang mos ravishda 2 ta yirik orolda joylashgan — Yava hamda Sumatra. Ular Osiyo O‘yinlari uchun 4 ta yirik sport obyektini tayyorlash ishlari bilan band. Shularning 3 tasi Jakartada joylashgan bo‘lib, yana 1 tasi Palembangda qad rostlamoqda.

Foto: Google Images

Har ikki shahar orasidagi masofa taxminan 620 kilometrni tashkil qiladi. Noyabrning so‘nggi o‘n kunligida bo‘lib o‘tgan Media Forum ishtirokchilari sport obyektlari bilan tanishish uchun Palembangga ham bordi. Samolyot masofani roppa-rosa 1 soatda bosib o‘tdi.

Palembang shahri sohil voleyboli, kanoe hamda akademik eshkak eshish, bouling, tennis, ayollar futboli, klimbing, o‘q otish kabi sport turlari vakillarini qabul qiladi. Qolgan barcha sportchilar Jakartada istiqomat qiladi.

Foto: “Daryo”

Mazkur ikki shaharda festivalga tayyorgarlik qanday ketayotgani, bundagi yutuq va kamchiliklar haqida keyingi maqolada gaplashamiz.

Boku va Ashxoboddagi sport festivallaridan keyin MOQ Jakarta-Palembang—2018 uchun tayyorgarlik boshladi