Janubiy Koreyada koreys tilida nashr etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob muallifi, Uz Kor Media Group kompaniyasi muharriri Cho Chol Chyon o‘z kitobi va O‘zbekiston haqida fikr bildirdi. Uning maqolasi O‘zAda e’lon qilindi.
“Bu galgi davlat tashrifi taassurotlarga boy bo‘ldi. Tashrif yakunida Janubiy Koreya Milliy muzeyida ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Mun Chje In quchoqlashib, bir-biriga aka deb murojaat qilishdi. Bunday qadrdonlikni kuzatgan koreys xalqi O‘zbekiston va Janubiy Koreya ‘og‘a-ini’ davlatlar ekaniga amin bo‘ldi”, — deyiladi materialda.
“Toshkentda yashagan kezlarim tez-tez shahar avtobuslarida qatnadim. Birinchidan, o‘zim yashayotgan zaminning odami bo‘lishni xohlardim. Ikkinchidan, mahalliy aholining kundalik hayoti bilan tanishish men uchun juda qiziqarli edi. Va nihoyat, uchinchi sabab — avtobusda menga joy bo‘shatib berishganda g‘oyat mamnun bo‘lib ketardim”, — deb O‘zbekiston haqidagi taassurotlarini o‘rtoqlashdi muallif.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblari haqidagi asar muallifi ekanimdan juda faxrlanaman. Janob Prezident va u kishining rafiqasi haqida butun koreys xalqi ijobiy fikrda ekani bois kaminaga ham har tomondan maqtovlar yog‘ilmoqda. AQShda yashaydigan bir do‘stim kitobni ko‘rib, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarini samimiy so‘zlar bilan tilga olishini aytdi”.
“Oldimga qo‘ygan ikkita katta maqsadim bor. Shundan biri har yili Prezident Shavkat Mirziyoyev janoblarining davlat rahbari sifatidagi faoliyatiga bag‘ishlangan asar nashr etib borish. Bu insonning serqirra faoliyatini qancha tahlil qilsang kam. Kitobimning Qirg‘iziston bilan chegara muammosining hal etilishiga bag‘ishlangan qismida 2017-yil jahondagi tinchlikka hissa qo‘shgani uchun Nobel mukofotining haqiqiy sovrindorlari sifatida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarini tushunishimni alohida ta’kidlab o‘tganman… Yana bir maqsadim — ikki mamlakat madaniy almashinuviga hissa qo‘shish”.
Izoh (0)