Eng yaxshi xodimlar uchun kurash olib boruvchi yirik IT-kompaniyalar va startaplar nafaqat tekin taomlar, qulay ishchi zonalari va ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga ega hashamatli ofislar qurish, balki turli foydali jihatlarni taklif qilish bilan ham o‘z xodimlarini xursand qiladi.
AdMe ulardan eng qiziqarlilarini to‘pladi.
Yosh ota-onalar uchun bonuslar
Ko‘plab kompaniyalar rahbariyati o‘z xodimlari oilasidagi ko‘payishga g‘amxo‘r munosabatda bo‘ladi. Misol uchun, Facebook rahbari, ikki kichkintoyning otasi Mark Sukerberg ham erkak, ham ayol xodimlari uchun chaqaloqni parvarish qilish uchun haq to‘lanadigan ta’til taklif qiladi. Ota-onalar, shuningdek, chaqaloq dunyoga kelgandan keyin 4 ming dollar miqdoridagi pul kompensatsiyasini ham oladi. Farzand asrab olingan holatlarda ham ta’til va to‘lovni olish mumkin.
Netflix kompaniyasi ham yosh bolalari borlar uchun bonuslar taqdim etadi: moslashuvchi grafik yoki uydan ishlashga kelishish mumkin. Shvetsiyaning IKEA giganti esa to‘liqsiz ish kunida ishlovchi xodimlar uchun ham bola parvarish qilish uchun haq to‘lanadigan ta’til taqdim etadi.
Bepushtlikni davolashda yordam
Hozircha asosan Apple va Facebook kabi gigant kompaniyalar taqdim etayotgan noodatiy bonus — bu bepushtlikdan davolanish, shuningdek, tuxum hujayralarni muzlatib qo‘yish uchun xodimlarga haq to‘lash. Ta’kidlash kerakki, hujayralarni muzlatib qo‘yish jarayoni anchagina qimmat bo‘lib, AQShda 15—20 ming dollarni tashkil etishi mumkin.
Kompaniya hisobidan sayohat
Ba’zi kompaniyalar xodimlarining nafaqat sog‘lig‘i, balki ularning qanday dam olishini kuzatib borishga harakat qiladi. Turar-joy ijaraga olishning ommabop servisi Airbnb’da ishlovchilar uchun har yili yer sharining istalgan nuqtasiga sayohat qilish uchun 2 ming dollar miqdoridagi nafaqa taqdim etiladi.
Mazkur kompaniya rahbariyati xodimlarining ofisda zerikmasliklariga intiladi: ularga ishga o‘z uy hayvonlarini olib kelishga ruxsat beriladi, har juma kuni tematik kechalar o‘tkaziladi.
Ta’tilda cheklanmagan vaqt
2004-yilda Netflix kompaniyasi quyidagi tizimni joriy qildi: kompaniya ta’tillarni hisob-kitob qilish va ularni qat’iy nazorat qilish tizimidan voz kechildi. Boshqacha aytganda, siz istalgan vaqtda va istalgan muddatga ta’til olishingiz mumkin. Bunday imkoniyatdan o‘z vazifalarini yaxshi bajarayotgan xodimlar foydalanishi mumkin — shubhasiz, rahbariyat loyihalar o‘z muddatida topshirilishini kutadi.
Bu g‘oya boshqa kompaniyalar, jumladan, Twitter, Visualsoft, Pinterest va Virgin kompaniyalarini ham ilhomlantirdi. Bundan tashqari, ularning ba’zilarida 9 soatlik ish kuni belgilab qo‘yilmagan — asosiysi qo‘yilgan vazifalarni belgilangan muddatda bajarish.
Ta’lim uchun haq to‘lash
Ko‘pchilik kompaniyalar xodimlari rivojlanishda to‘xtamasligiga qiziqish bildiradi. Masalan, Google istalgan kurslarga haq to‘lashga tayyor: malaka oshirish, yangi tilni o‘rganish yoki tikish-bichish kursiga qatnash — ko‘ngilga yoqqanini tanlash mumkin.
Starbucks ham xodimlarga yaxshi munosabati bilan mashhur: ularning qahvaxonalarida ishlovchi talabalarga kompaniya ba’zi holatlarda ta’lim olishini butunlay qoplashga tayyor. Ularning ba’zilari universitetni yakunlagandan so‘ng ham kompaniyaning nufuzliroq lavozimida ishlash uchun qoladi.
Mashhurlar bilan uchrashuv
SpaceX kompaniyasi rahbari Ilon Mask xodimlariga ilhomlantiruvchi maktublar yozadi, vaqti-vaqti bilan chiqishlar qilib turadi. Yana u ofisga mashhurlarni taklif qilib turadi. Ular o‘z muvaffaqiyati tarixi bilan bo‘lishadi va shunchaki kishilarga yaxshi kayfiyat ulashadi. Ofisda Jennifer Eniston, Uill Smit, Morgan Frimen va boshqalar mehmon bo‘lgan.
Ofisning o‘zidagi kompleks xizmatlar
Tekin tushliklar, fitnes, ko‘ngilochar mashg‘ulotlar va ofisdagi boshqa afzalliklar bilan hayratda qoldirish qiyin, biroq ba’zi kompaniyalar yanada ilgarilamoqda. Genentech biotexnologik korporatsiyasi xodimlariga tekin yudirik va moliyaviy konsultatsiyalar, safarlarni tashkil etish xizmati, sartarosh, avtomobillarni yuvish xizmati, spa va boshqalarni taklif qiladi. Bunday ofisdan tashqariga chiqmasdan ham yashasa bo‘ladigandek!
Haq to‘lanadigan volontyorlik
Britaniyaning The Body Shop kosmetologik kompaniyasi tabiat va atrof-muhitga g‘amxo‘r munosabatda bo‘ladi, o‘z kosmetikasini hayvonlarda sinovdan o‘tkazmaydi va muntazam xayriya ishlari bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning har bir xodimida besh ish kuni davomida jamiyat yoki tabiat uchun foydali nimadir qilishi yoki volontyorlik loyihasida qatnashish imkoniyati bor.
Kvartirani tekin tozalash xizmati
Uy yig‘ishtirishni yomon ko‘rasizmi? Unda Evernote kompaniyasiga ishga joylashish haqida o‘ylab ko‘ring: har bir xodim oyiga ikki marta o‘z uyini tekinga tozalatish xizmatidan foydalanishi mumkin. Bu g‘oya bosh direktor rafiqasining xayoliga kelgan, kompaniyaning har bir xodimi bu ajoyib ayoldan minnatdor bo‘lsa kerak.
Izoh (0)