Toshkentda 8-noyabr kuni ketma-ket vafot etgan opa-singil Qosimovalarning o‘limiga dori vositalarining noto‘g‘ri berilgani sabab bo‘lgan. Bu haqda, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutidagi manbaga asoslanib, UzNews xabar bermoqda.

Foto: UzNews

Sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko‘ra, qizlar dori vositalarini noto‘g‘ri qabul qilganliklari uchun olamdan o‘tgan. Qizlarga parazitlarga qarshi “Vermoks” preparati buyurilgan bo‘lgan.

“Biroq dorixona xodimi, shifokor yozuviga tushunmay, yurakka aloqador xastaliklarda qabul qilinuvchi ‘Verapamil’ dori vositasini bergan. Dori vositasini qabul qilish oqibatida qizlarda kardiogen shok holati yuz bergan”, — deyiladi UzNews xabarida.

2010-yilda tug‘ilgan Munisa, 2011-yilda tug‘ilgan Muxlisa va 2013-yilda tug‘ilgan Mohira Qosimovalar 8-noyabr kuni tibbiyot muassasalarida vafot etgan edi. Mazkur holat yuzasidan 9-noyabr kuni Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki xabarlarda qizaloqlarning o‘limiga noto‘g‘ri berilgan dori vositasi, tabib tayyorlab bergan damlama yoki ko‘chadagi yemakxonadan olingan qiyma kabob sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan edi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hodisa yuzasidan aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.