Toshkent shahridagi bir oilaning uch qizi — 2010-yilda tug‘ilgan Munisa, 2011-yilda tug‘ilgan Muxlisa va 2013-yilda tug‘ilgan Mohira Qosimovalar 8-noyabr kuni tibbiyot muassasalarida noma’lum etiologiyali moddadan zaharlanish oqibatida vafot etgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan brifingda shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Bobir Dehqonov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Ushbu holat yuzasidan qizlar doimiy istiqomat qilib kelgan Olmazor tuman prokuraturasi tomonidan 9-noyabr kuni Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “a” bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirgi vaqtda opa-singillar o‘limining aniq sabablarini aniqlash yuzasidan tergov-tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Qizlarning oilasi istiqomat qilgan uydan ular ichgan dori-darmon, xonadon muzlatgichidan ular iste’mol qilgan mahsulotlardan namunalar olingan. Dori vositalari sotib olingan dorixonadan tegishli namunalar olingan. Bundan tashqari, qizlar kabob yegan kafedagi yegulikdan namunalar olingan — dastlabki taxminlarga ko‘ra, qizlarning ahvoli aynan kabob iste’molidan so‘ng og‘irlashgan.

Hozirda kompleks sud-tibbiyot va sud-kimyoviy ekspertizalari o‘tkazilayotgan bo‘lib, ularning natijasiga ko‘ra tergov harakatlarining keyingi yo‘nalishlari belgilanadi hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortishning barcha choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qizlarga tibbiy yordam ko‘rsatgan tibbiyot xodimlarining harakatlarini baholash bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazish tayinlangan.