Janubiy Koreyada “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob koreys tilida 50 ming nusxada chop etildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Nashrda Shavkat Mirziyoyevning avval O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so‘ng Prezident sifatidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berilgan. Davlat rahbarining mamlakat va xorijda so‘zlagan nutqlari, jumladan, Prezident lavozimiga kirishish marosimi, Konstitutsiya bayrami, Yangi yil bayrami, BMT Bosh assambleyasi sessiyasidagi nutqidan iqtiboslar keltirilgan.

Kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha sohalarda boshlangan islohotlar tahliliga katta e’tibor qaratilgan. Uning “2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” nomli bobida ushbu dastur chuqur tahlil qilgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga tashrifi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir necha davlat rahbarlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari haqida atroflicha ma’lumot berilgan.

Kitobda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p yillik savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka ham keng o‘rin ajratilgan.

Uz Kor Economy Media Group tomonidan 20-noyabr kuni nashr etilgan kitob 8 bo‘lim, 320 sahifadan iborat bo‘lib, ko‘plab suratlar bilan boyitilgan. Uning muallifi mashhur jurnalist va yozuvchi Cho Chol Xyon.