Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanish tezligining sekinlashishi sababli 2018-yilda kuchli zilzilalar soni keskin oshishi mumkin. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Googles Images

Seysmik faollikning Yer o‘qining aylanish tezligiga bog‘liqligi nazariyasini Kolorado universitetidan Rojer Bilxem va Montana universitetidan Rebbeka Bendik ilgari surgan. Ularning ma’ruzasi Amerika geologik jamiyati yig‘ilishida taqdim etilgan.

Bilxem va Bendik 1900-yildan buyon yuz bergan 7 magnitudali va undan yuqori kuchli zilzilalarni tahlil qilgan. Olimlar beshta davrni ajratib olgan. Mazkur davrlarda yillik o‘rtacha ko‘rsatkich 15 ta kuchli zilzilani tashkil etgan sharoitda, ularning 25—30 tagacha oshib ketgani kuzatilgan.

Olimlarning ma’lum qilishicha, seysmik faollik Yer aylanish tezligi eng past darajaga kelganidan keyin besh yil o‘tgach boshlangan.

Yer aylanish tezligining so‘nggi sekinlashuvi taxminan to‘rt yarim yil avval yuz bergan. Shu tariqa, nazariyaga ko‘ra, 2018-yilda kuchli yer qimirlashlari sonining oshishi kutiladi.

The Daily Mail’ning yozishicha, agar 2017-yilning boshidan buyon oltita kuchli zilzila yuz bergan bo‘lsa, 2018-yilda ularning soni 20 taga yetishi mumkin.

Yer aylanishining sekinlashishi bilan bog‘liq kuchli zilzilalarning asosiylari Yerning ekvatorial hududida yuz bergan bo‘lib, bu hududda qariyb bir milliard kishi yashaydi.